1890 yilda Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy rus metallshunosi va qo‘ng‘ir-qizil metall, mis va po‘lat zavodlari shirkati direktori Lavrovning qizi bilan turmush qurgach, qaynotasining Gatchinadagi korxonasi boshqaruvi direktori bo‘ldi. Prokudin-Gorskiy ushbu lavozimni necha yil davomida egallagani haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. Fotografning 1898 yilda ilk ko‘rgazmada ishtirok etguniga qadar bo‘lgan hayotida yetarlicha oq dog‘lar bor.
Xususan, u Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, hech qanday transport imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan bir davrda Gatchinadagi zavodda qay tarzda ishlashda davom etganligi tushunarsiz. Shuningdek, Prokudin-Gorskiyning 1896-1897 yillarda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani to‘liq maʼlum emas.
Bu vaqtlarda, yaʼni 1890 yillarda Turkiston bo‘ylab soliq yig‘uvchi nozir, toifali mutaxassis Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy «janobi oliylari» yurgan. Uning maqomi nufuzli bo‘lsa-da, maoshi katta emas edi. Soliq yig‘uvchi nozir lavozimi og‘ir – u doimiy ravishda uyezddagi aholi punktlariga safar qilishi, savdoni nazorat qilishi va soliqlarni yig‘ishi kerak edi, aholi esa Rossiya qonunlariga bo‘ysunishga o‘rganmagan, soliq yig‘uvchi nozirlar faoliyatini salbiy qabul qilardi. Asabbuzar faoliyatidan zerikkan Sergey Mixaylovich... (fotografiya bilan mashg‘ul bo‘lib ketdi, deb o‘ylashingiz mumkin, biroq), qarangki, pulga karta o‘ynashga qiziqib qoldi.
1898 yilning yoziga kelib, Prokudin-Gorskiy «janobi oliylari» Turkiston G‘azna palatasiga yilning birinchi yarmi uchun «savdo hujjatlarining yillik blanklarini» o‘z vaqtida topshirmadi. Palata boshqaruvchisi tekshiruv o‘tkazib, qasddan mablag‘larni yashirishga doir dalillar topilmagan bo‘lsa-da, ishni mahkamaga topshirdi, u yerda esa nozirning ko‘plab, jami besh yarim ming rubl (u egallagan lavozim toifasiga ko‘ra o‘rtacha oylik 135 rubl edi) shaxsiy qarzlari borligi aniqlandi.
Bu hodisa Prokudin-Gorskiyning biografiyasini o‘rganuvchi mutaxassislar orasida ancha chalkashlikka sabab bo‘ldi, ular mashhur fotografning soliq noziri sifatidagi faoliyati uning hayotidagi nomaʼlum sahifa, deb hisoblab keldilar. Hozirga kelib, arxiv materiallari vaziyatni to‘liq oydinlashtirish imkonini berdi.
Aniqlanishicha, gap fotograf bilan to‘liq adash bo‘lgan uning yaqini – uchinchi avlod qarindoshi haqida borgan. Tarixchi Natalya Mozoxina uni “turkistonlik” Sergey Mixaylovich» deb ataydi. Maʼlum bo‘lishicha, “turkistonlik” Prokudin-Gorskiy Moskva piyoda yunkerlar bilim yurtida tahsil olgan, Rossiya-Turkiya urushida ishtirok etgan va hatto kumush medal bilan taqdirlangan. 1885 yilda zahiraga o‘tkazilgan, bir yil o‘tgach, Sankt-Peterburg G‘azna palatasida xizmat boshlagan, u yerda o‘rindosh sifatida ishlab, 1889 yilda Toshkentga ishga jo‘natilgan. U O‘zbekiston uchun yana bir ahamiyatli familiya sohibi Saviskiy degan nafaqadagi podporuchikning qizi bilan turmush qurgan.
Uchinchi avlod qarindoshlarning munosabatlari qanday bo‘lgani maʼlum emas, biroq bu fakt fotografning Turkistonga qilgan safarlari nafaqat ish yuzasidan, balki shaxsiy bo‘lganini ham taxmin qilishga asos yaratadi. Ehtimol, Prokudin-Gorskiy qarindoshining qarzini to‘lab, uni qamoqdan qutqargan, chunki mahkama, ehtimolga ko‘ra, ayblanuvchini davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda qoralamagan, aks holda, 1909 yilda «Qo‘qon gazetasi»da uning o‘limi haqidagi xabar chop etilmagan bo‘lardi.

Mavzu boʻyicha batafsil maʼlumotni "S. M. Prokudin-Gorskiy va uning AQSh Kongressi kutubxonasidagi Turkiston fotosuratlar jamlanmas" kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.