
2018 yilning 16 mart kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan Xalqaro media-forum bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, birinchi marta jahon kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy qadriyatlari haqida to‘liq faktik ma’lumotlar bazasi uch tildagi kitob-albomlar, kataloglar, shuningdek, mamlakatimiz tarixiy va madaniy yodgorliklarining izchil virtual qiyofasini yaratuvchi versiyalar videofilmlar formatida yaratilmoqda.
Loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov: “Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng ko‘lamli va misli ko‘rilmagan ishlardir. Yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, davlat, jamoat tashkilotlari va ijtimoiy mas'uliyatli biznesning birlashishi dunyodagi yagona loyihani amalga oshirish imkonini beradi, bu, albatta, nafaqat olimlar uchun ilmiy material bo'lib xizmat qiladi, balki yosh avlod uchun ham o‘ziga xos ma’naviy ozuqadir”.
Loyiha doirasida jahonning mashhur kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy yodgorliklarini birlashtirgan 16 ta film suratga olindi, 10 jildlik kitob-albomlar chiqarilib, yana ushbu media forumda yetakchi milliy va jahon kutubxonalariga 1,5 ming nusxada sovg‘a qilindi.
2018-yilda Buyuk Britaniya, Rossiya va Fransiya kutubxonalarida saqlanayotgan Alisher Navoiyning tirikligida yaratilgan qo‘lyozmalarining faksimil nusxalarini, o‘rta asrlar sarkardasi Amir Temur g‘alabalari aks etgan rang-barang miniatyuralardan iborat “Zafarnoma” to‘plamini, ispan elchisi Ruy Gonsales Klavixoning Temur saroyiga sayohat haqidagi qo‘lyozmasini va boshqalarni nashr etish ham rejalashtirilgan.
Bu galgi media-forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, AQSh, Turkiya, Chexiya, Fransiya va Yaponiya muzeylari fondlarida saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy qadriyatlariga oid 20 ta yangi kitob-albomlarni nashr etish loyihasining istiqbollari belgilab olindi.
Yangi turkumdagi kitoblarning birinchi qismi joriy yilning iyun oyida tashkilotchilar ERIELL GROUP neft xizmatlari kompaniysi ko‘magida o‘tkazishni rejalashtirgan Sankt-Peterburgdagi maxsus kongressda taqdim etiladi. 300 nafar jahon olimlari ishtirok etadigan kongress davomida Sankt-Peterburgning yetakchi muzeylarida O‘zbekiston madaniy merosi kolleksiyalarini namoyish etuvchi ko‘rgazmalar ochiladi.



























