Bibliothèque du Roi nomi bilan tanilgan birinchi fransuz qirollik kutubxonasi XIV asrda Karl V davrida tashkil etilgan. XVI asrda Lyudovik XI davrida yangi to‘plam shakllantirilgan. Taxminan shu davrda kutubxonaga dastlabki arab qo‘lyozmalari olib kelina boshlagan va XVII-XVIII asrlarda olimlar hamda kutubxonachilar Usmoniylar saltanati, Misr, Fors va Hindistonga qilgan safarlar chog‘ida Yaqin Sharq kitoblarini faol ravishda xarid qilishgan. Shunga qaramay, Markaziy Osiyoga yetib borish mushkul edi. Biroq, mintaqadagi ilk qo‘lyozmalar kutubxonaga XVII asrda Lyudovik XIV saltanati davrida topshirilgan.
Taʼkidlab o‘tish lozimki, “Meʼrojnoma” qo‘lyozmasi eng muhim xaridlardan biri hisoblanadi.
Jahonga mashhur sharqshunos, "Ming bir kecha" asarini kashf etgan va tarjima qilgan Antuan Gallan Fransiyaning Istanbuldagi elchixonasida yosh kotib bo‘lib ishlayotgan paytida, turk kitob savdogaridan 25 usmonli piastr evaziga (taxminan 570 gramm sof oltinga teng) ajoyib qo‘lyozma sotib oldi. Bu uyg‘ur yozuvida bitilgan, Muhammad payg‘ambarning sayohati va meʼroji haqida hikoya qiluvchi “Meʼrojnoma” ("Meʼroj haqida kitob") bo‘lib chiqdi. Yosh olim qo‘lyozmani o‘z rahbari, Istanbuldagi elchi Ole-de-Nuantelga topshirdi, u esa o‘z navbatida, noyob asarni Lyudovik XIV ning vaziri, yirik kitob to‘plovchisi Kolberga jo‘natdi.
Qo‘lyozma XIX asrning oxiridagina turkiyshunos Pave-de-Kurteyl tomonidan to‘liq o‘qib chiqildi. U qadimgi turkiy adabiyot va madaniyatni o‘rganishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bir muqovada ikkita matn jamlangan: “Meʼrojnoma” va yana bir uyg‘ur yozuvidagi matn - Farididdin Attorning "Tazkirat ul-avliyo" ("Avliyolar tazkirasi") asarining turkiy tarjimasi. Ko‘rinishidan, har ikkala matn taxminan 1430-1440 yillarda bir xattot - Hirotlik Malik baxshi tomonidan ko‘chirilgan. Ehtimol, u Temuriylar maʼmuriyatidagi turkiy devon aʼzosi bo‘lgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida. Movarounnahr bezakli qo'lyozmalari to‘plamlarida" turkumidagi mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.