Markaziy Osiyo, katta ahamiyatga ega bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘lining bir qismi sifatida, yaponlarni har doim qiziqtirib kelgan. Xususan, O‘zbekiston faqat savdo yo‘llari orqali emas, balki madaniy almashinuvlar vositasida ham muhim bog‘lovchi mamlakat bo‘lgan. Yaponlar buddizmni kontekstda o‘rganib, Markaziy Osiyoga qiziqish bildirganlar. Maʼlumki, buddizm Hindistonda paydo bo‘lgan, lekin shuningdek, buddaviy rohiblar sutralar izlab Markaziy Osiyoga yo‘l olishgan.
VII asrda xitoylik rohib Syuanszan Tan imperiyasidan buddaviy sutralarni qidirish maqsadida Markaziy Osiyo orqali Hindistonga safar qilgan, Samarqand, Toshkent, Termiz, Bomian kabi shaharlarga tashrif buyurgan va bu haqda "G‘arb o‘lkasiga safar" nomli safar xotiralarida yozib qoldirgan. U o‘z yozuvlarida Hindiston va Markaziy Osiyo mintaqalarini batafsil tasvirlagan. XVI asrda bu mashhur kitob asosida afsona-hikoya yozilgan bo‘lib, unda Syuanszan asosiy qahramonlardan biri sifatida ishtirok etadi.
Keyinchalik, XX asr boshlarida Syuanszanning ilhomida Kioto shahrining markazida joylashgan Xongandzi buddaviy maʼbadining bosh rohibi graf Otani Kodzuy Markaziy Osiyo va Hindistonga buddaviy sutralarni qidirish maqsadida bir necha ekspeditsiyalar tashkil qilgan. Ekspeditsiya guruhining asosiy qismi buddaviy rohiblardan iborat bo‘lgan. Shuningdek, ushbu guruhda olimlar, masalan, mashhur meʼmor Ito Tyuta ham bor edi. Arxeologik qazishmalar davomida Markaziy Osiyo xalqlarining xitoy, sogdiy, gandariy va boshqa tillardagi ko‘plab qo‘lyozmalari topilgan. Bu qo‘lyozmalarning bir qismi Xongandzi maʼbadi tomonidan 1922 yilda tashkil etilgan Ryukoku universitetining kutubxonasida saqlanmoqda. Universitet hozir ham O‘zbekiston va Tojikistonda arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda.
Syuanszanning safarlari ko‘plab shaxslarni befarq qoldirmagan. Masalan, Toshkentning faxriy fuqarosi bo‘lgan mashhur yapon rassomi Xirayama Ikuo, Syuanszan safarlari asosida buddaviy taʼlimotning boshlanishini tasvirlovchi "Buddizmning kelib chiqishi" nomli kartinani chizgan. Yoki O‘zbekiston hududida bo‘lgan birinchi yapon bo‘lgan mashhur diplomat baron Nisi Tokudziro, 1886 yilda "Markaziy Osiyo haqidagi yozuvlar"ni nashr etgan. Shuningdek, mashhur yapon yozuvchisi Inoue Yasusi 1965 va 1968 yillarda ikki marta Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan. Shu safarlardan keyin Syuanszanning sharafiga o‘z safar yozuvlarini "G‘arb o‘lkasi haqidagi yozuvlar" deb nomlagan. Mavzu haqida ko'proq ma'lumotni "Yaponiya muzeylarida Markaziy Osiyoning madaniy merosi"kitob-albomida topishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.











































































