МОВАРОУННАҲР БЕЗАКЛИ ҚЎЛЁЗМАЛАРИ ФРАНЦИЯ ТЎПЛАМЛАРИДА
Tavsif
XVII asrning oxirida, “Ming bir kecha”asarini topgan va tarjima qilgan dunyoga mashhur sharqshunos olim, Antuan Gallan (1646-1715 yillar) bir kitob sotuvchisida “Meʼrojnoma”(“Meʼroj haqida kitob”)ning ajoyib qo‘lyozmasini ko‘rib qoladi va uni Usmonlilarning 25 piastriga sotib oldi. U tilla suvi yugurtirilgan noyob miniatyuralar bilan bezatilgan bo‘lib, unda Payg‘ambar alayhissalom Buroq otiga minib arshga ko‘tarilayotgani tasvirlangan. Qo‘lyozmaning matni tilshunos olimlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Chag‘atoy tilida arab yozuvida yozilgan bu asar turkiy adabiyot haqidagi bilimlarimizni mastahkamlash uchun juda katta ahamiyatga ega. Hozirgi kunda qo‘lyozma Fransiya Milliy kutubxonasining maxsus fondida saqlanmoqda. Ushbu kutubxonada saqlanayotgan yana bir durdona asar As-So‘fiyning “Suvar al-kavokib as-sabita” (“Qo‘zg‘almas yulduzlar tasviri”) nomli astronomik risolasi bo‘lib, u 74 ta rangli suratlar bilan boyitilgan va ehtimol bu Ulug‘bekning shaxsiy kutubxonasi uchun 1430-1440 yillarda, yaʼni uning mashhur rasadxonasi qurilayotgan paytda Samarqandda tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Suvratlarning har biri qaysidir yulduzlar turkumini o‘zida aks ettirgan. Ulardan birida Habashistonning afsonaviy podshohlaridan birining nomi bilan ataladigan yulduzlar turkumi – Sefey obrazida Ulug‘bek suvrati tasvirlangan. O‘zbekiston qo‘lyozma merosining bir qismi bo‘lgan shu va Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan boshqa nodir qo‘lyozmalar mazkur jildda taqdim qilingan.