2018-yilning 16-mart kuni Toshkent shahridagi NAESMI Mediaxollda 2018-yil uchun “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining “Yo‘l xaritasi” xalqaro media-forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum tashkilotchilari – Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (OʻzEOVMA), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda joylashgan Oʻzbekiston madaniy boyliklarini oʻrganish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi, “Zamon press info” MChJ, “Uzbekistan Today” axborot agentligi, “Darakchi Inform Service” MChJ.
Ishtirokchilar – xalqaro tashkilotlar hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy va milliy diplomatik korpus rahbarlari va vakillari mutaxassislari, muzeylar, kutubxonalar va ilmiy institutlar rahbarlari.
O‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan forumda insonparvarlik aksiyasi doirasida xorijiy va respublikaning yirik kutubxonalari, muzeylari va ta’lim muassasalariga Loyiha doirasida chop etilgan 4000 nusxa kitob-albomlarni olish uchun sertifikatlar topshirildi. “Yo‘l xaritasi” media-forumida sertifikat egalariga kitob-albomlar topshiriladi.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining 12 yo‘nalish bo‘yicha joriy yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalari taqdimoti forumdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ladi. Mamlakatimiz, shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, AQSh, Turkiya, Chexiya, Fransiya va Yaponiya muzeylari fondlarida saqlanayotgan O‘zbekistonning madaniy qadriyatlari haqida 20 jildlik kitob-albomlar nashr etilgani shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, 20 ta xorijiy kolleksiyalarda O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi haqida va Sharq olimlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda 5 ta film yaratish rejalashtirilgan.