Toshkentda o‘tmishning buyuk merosiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tmoqda
28-noyabr kuni Toshkentda “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusida xalqaro media-forum boshlandi.
Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti va Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning faksimil nusxalarini topshirish muhim voqea bo‘ldi. Bu nusxalar “Katta Langar Qur’oni”, “Me’rognoma”, “Temur tuzuklari”, “Ravzat-us-Safo” ("Sof jannat bog‘i”) nusxalaridir. Ular qog‘ozning asl nusxasiga iloji boricha yaqinlashtirilgan, tilla xol‘lar sachratilgan turlaridan foydalangan holda yaratilgan bo‘lib, ularni asl varaqlardan ajratish qiyin,- deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
"Bu asarlar Sharq Renessans davrining bebaho namunasidir. Katta Langar Qur'oni VIII asr oxirida ko’fiy-hijoziy yozuvida yozilgan. Temuriylar sulolasi vakili Husayn Boyqaroning "Sulton Husayn Boyqaro devoni" kitobi mohirona miniatyuralar bilan bezatilgan, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik Instituti ilmiy xodimi Komiljon Rahimov.
Tarixchi Mirxondning “Ravzat-us-Safo” kitobida payg‘ambarlar, Sharqda hukmronlik qilgan sulolalar tarixi haqida hikoya qilinadi. Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining tarixiy-madaniy merosimizning noyob namunalarini o‘z ona yurtiga qaytarish borasidagi tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgani quvonarlidir.
Anjumanda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumiga kiruvchi navbatdagi beshta kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi. Bu to‘plamlar O‘zbekistonning boy madaniy merosi durdonalari haqida hikoya qiladi. Xususan, VI jild M.Glinka nomidagi musiqa madaniyati Muzeyida saqlanayotgan noyob cholg‘u asboblari va nota yozuvlariga bag‘ishlangan. VII jildda Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari instituti yozma merosi toʻplamlarida saqlanayotgan qimmatli yodgorliklar haqida maʼlumotlar keltirilgan.
VIII va X jildlarda Davlat Ermitaji, Davlat tarix muzeyi, Butunrossiya dekorativ- amaliy va xalq amaliy san’ati muzeylarida saqlanayotgan xalqimiz tarixi va madaniyatiga oid eksponatlar haqida ma’lumotlar berilgan. Birinchi marta I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat muzeyida saqlanayotgan xalqning madaniy merosiga bag‘ishlangan albom (IX jild) nashr etildi. Kitobda Turkiston avangardining noyob namunalari haqida hikoya qilinadi.
Tadbirda ushbu to’plamlar 49 davlatning 136 ta muzey va kutubxonalari vakillariga topshirildi.
Rossiyaning “Madaniyat” telekanali tomonidan “O‘zbekiston: erishilgan yangiliklar” hujjatli filmining taqdimoti ham katta taassurot qoldirdi. O‘tgan asrning 20-yillarida mamlakatimizda yaratilgan nodir audioyozuvlar ilk bor qayta tiklanmoqda. Ular Sankt-Peterburgdagi Rossiya Fanlar akademiyasining Rus adabiyoti instituti (Pushkin uyi) fondlarida saqlanadi.