“O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” ikkinchi xalqaro kongressi doirasida, Buyuk Pyotr nomidagi RFA ning Antropologiya va etnografiya muzeyi (Kunstkamera) “Buxoroning ipaklari va oltini: RFA AEM kolleksiyasida Buxoro amirlarining elchilarga sovg‘alari” ko‘rgazmasini tayyorladi.
Kunstkamera bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik kolleksiyalardan biriga ega. Ulardan ba'zilari noyob fototo'plamlardan (taxminan 20-30 ming birlik rasmlar) iborat.
Muzeydagi tadbir davomida namoyish etilgan matolar kolleksiyasi Buxoro amirlari va Xiva xonlarining Rossiya podsholariga tuhfa qilgan sovg‘alaridir. Bu toʻplamlar Markaziy Osiyo anʼanaviy liboslari va toʻqish sanʼatini qiyosiy oʻrganish uchun bebaho material boʻlib, bugungi kunda butun dunyo mutaxassislari uchun ochiqdir.
Noyob baxmal va ipak ikatlar namoyishi muzeyning yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Yelena Tsaryovaning ma’ruzasi bilan hamohang bo‘ldi.
Taqdimot doirasida kengaytirilgan reallik texnologiyasida amalga oshirilgan “Raqs va ipak” loyihasi ham taqdim etildi.
Muzeyga sovg'a sifatida “O‘zbekiston me'moriy epigrafikasi” nomli 13 ta kitob-albomlar to‘plamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.