«DEVONI HUSAYNIY» («HUSAYNIY SHEʼRLARI TO‘PLAMI»)

«DEVONI HUSAYNIY» («HUSAYNIY SHEʼRLARI TO‘PLAMI»)

Описание

 “Devoni Husayniy” – Temuriylar sulolasi vakili, Hirot hukmdori Sulton Husayn Boyqaro (1438–1506) tomonidan yozilgan o‘rta asr adabiyotining noyob yodgorligidir. U hukmronlik qilgan vaqtda Temuriy Hirot yana bir yorqin davrini boshidan kechirdi.

 

Adabiy faoliyati uchun Husayniy taxallusini tanlagan hukmdor turkiy (eski o‘zbek) tilda ijod qilgan. “Devoni Husayniy” Sulton Husayn Boyqaroning shoirlik isteʼdodining ajoyib namunasi, mumtoz o‘zbek adabiyoti rivoji yo‘lidagi beqiyos xizmatlarining so‘zsiz isbotidir.

 

Qo‘lyozmaning asosiy qismi 154 g‘azaldan iborat. Ular mazmuniga ko‘ra muhabbat lirikasi asarlariga mansub. Sevgilisining go‘zalligi tasviri, oshiqning ayriliqdagi iztiroblari, achchiq nolalari - har bir satr tom maʼnoda, ushbu janrga xos ehtiros bilan to‘yingan.

 

Taxminlarga ko‘ra, matn XV asrda Hirotda ijod qilgan buyuk xattot, Alisher Navoiy asarlarini qayta yozish bilan mashhur bo‘lgan Sulton Ali Mashhadiy tomonidan qayta yozilgan. «Devoni Husayniy” asari uchun nastaliq yozuvi qo‘llanilgan. To‘plamning sahifalari va hoshiyalari to‘rtta miniatyura, boy ornament bezaklari va tilla suvi bilan bezatilgan.

 

Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo‘lyozmaning faksimiliyasi nusxasini yaratish loyihasi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi Firdavs Abduxoliqov. O‘zbekiston vakillaridan tashkil topgan ijodiy guruh Sankt-Peterburg bir necha bor tashrif buyurdi va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popovaning roziligi va ko‘magiga erishdi. Faksimile nusxasi Yevropaning yetakchi nashriyot uyi Mueller&Schindler tomonidan nashr etildi.

 

Loyiha Eriell Group neft-servis xizmat ko‘rsatish kompaniyasi homiyligida amalga oshirildi. Faksimile qo‘lyozmaning O‘zbekistonga rasmiy topshirilishi 2018 yilda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniy merosi –insoniyat iftixori” xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.