Katta Langar Qurʼoni
Katta Langar Qurʼoni

Katta Langar Qurʼoni

Tavsif

 

Katta Langar Qurʼoni qo‘lyozmasi islom madaniyatining eng buyuk yodgorliklari qatoriga kiradi. Uzoq vaqt davomida O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidagi Langar ota masjidida saqlangan va shu tufayli butun dunyoga shu nom bilan tanilgan. Ushbu muqaddas Kitobning o‘ziga xosligi shundaki, u eng qadimiylardan  biridir. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, uning yaratilgan vaqti VIII asrning oxirgi choragiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ushbu Qurʼon uchinchi xalifa Usmon shaxsi bilan bog‘liq bo‘lib, muqaddas kitob uning qo‘l ostida bitilgan.

 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Katta Langar Qurʼonining umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etishi mumkin. Hozirda nomaʼlum xattot tomonidan bitilgan qo‘lyozmaning atigi 98 sahifasi saqlanib qolgan. 1936 yilda Qurʼonning 81 sahifasi Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutiga topshirilgan. Qolgan 17 sahifa hamon O‘zbekistonda saqlanmoqda.

 

Sankt-Peterburgda saqlanayotgan 81 sahifaning faksimile nusxasini yaratish bo‘yicha loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi Firdavs Abduxoliqov. O‘zbekiston vakillaridan tashkil topgan ijodiy guruh Sankt-Peterburg bir necha bor tashrif buyurdi va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popovaning roziligi va ko‘magiga erishdi. Faksimile nusxasi Yevropaning yetakchi nashriyot uyi Mueller&Schindler tomonidan nashr etildi.

 

Loyiha Eriell Group neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasi homiyligida amalga oshirildi. Faksimile qo‘lyozmaning O‘zbekistonga rasmiy topshirilishi 2018 yilda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniy merosi –  butun insoniyat mulki” xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Qurʼon nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Toshkent Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markaziga topshirildi. Gumanitar aksiyalar doirasida dunyoning kutubxona va muzeylariga 100 dan ortiq faksimile nusxalari bepul tarqatildi.