«TEMUR TUZUKLARI»
«TEMUR TUZUKLARI»

«TEMUR TUZUKLARI»

Tavsif

Amir Temur hukmronligi davri (1370-1405) jahon tarixiga butun dunyo taqdiriga daxldor ulkan yutuqlar davri sifatida kirdi. Buyuk hukmdorning hokimiyat tepasiga kelishi davlat hayotining barcha jabhalarida, jumladan, jamoat munosabatlarida ham yangi qonunlar bilan tartibga solina boshlagan o‘zgarishlar bilan birgalikda kechdi. Bu qonunlar majmui tarixga “Temur tuzuklari” nomi bilan kirdi. U baʼzida “Malfuzat-i Temuriy” (“Temurning so‘zlari”) yoki “Vaqiyat-i Temuriy” (“Temurning xotiralari”) nomi bilan ham ataladi.

 

 “Temur tuzuklari” tarixiy-huquqiy xarakterdagi asar bo‘lib, ikki qismdan iborat. Birinchisida Amir Temurning yetti yoshidan boshlangan tarjimai holi – uning hayoti, siyosiy va harbiy faoliyati bilan bog‘liq barcha voqealar aks ettirilgan. Ikkinchi qism – “Tuzukat” davlat va qo‘shin tuzilishi, zukkolik, mardlik va tadbirkorlik kabi fazilatlarga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan hukmdor va amaldorlarning vazifalari hamda o‘zini tutish qoidalariga oid o‘ziga xos ko‘rsatmalar aks ettirilgan. Boshqa maʼlumotlar qatorida, sud tizimining tuzilishi, askarlarning, oddiy xalq va kambag‘allarning, shuningdek, bosib olingan hududlar aholisining huquqlari belgilangan. Ushbu hujjatning tarixiy ahamiyati, eng avvalo, Amir Temur qonun daxlsizligi tushunchasini kiritganligi, shuningdek, maʼnaviy poklik va axloq masalalariga alohida eʼtibor berganidadir.

 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan bugungi kunda, nomi o‘zbek davlatchiligining gullab-yashnashi bilan bilan bog‘liq bo‘lgan Amir Temur shaxsi va amalga oshirgan ishlari alohida eʼtiborni tortmoqda. Uning bebaho maʼnaviy merosini kelajak avlodlar uchun qo‘llanma sifatida qabul qilishimiz mumkin. “Temur tuzuklari” faksimile nusxasining nashr etilishi O‘zbekiston xalqining buyuk hukmdorga bo‘lgan chuqur hurmatini ifoda etadi.

 

Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo‘lyozmaning faksimile nusxasini yaratish loyihasi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi Firdavs Abduxoliqov. O‘zbekiston vakillaridan tashkil topgan ijodiy guruh Sankt-Peterburg bir necha bor tashrif buyurdi va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popovaning roziligi va ko‘magiga erishdi. Faksimile nusxasi Yevropaning yetakchi nashriyot uyi Mueller&Schindler tomonidan nashr etildi.

 

Loyiha Eriell Group neft-servis xizmat ko‘rsatish kompaniyasi homiyligida amalga oshirildi. Faksimile qo‘lyozmaning O‘zbekistonga rasmiy topshirilishi 2018 yilda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniy merosi –insoniyat iftixori” xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.