Sug'dning jahon nazariga tushgan nafis liboslari

Ilk o‘rta asrlarning eng mashhur xalqlaridan biri sanalgan sug‘diylarning liboslari o‘zining nafisligi, shuningdek, turli andozalari va bezaklarining tartibi bilan jahon liboslari tarixida yorqin sahifa bo‘lib qolmoqda.

VII–VIII asrlarda ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham kiyim-kechaklar gavdani bo‘rttirib ko‘rsatadigan darajada juda tor tikilgan. Asosiy kiyim-kechaklar (ko‘ylaklar, yaktaklar va ishtonlar) odatda qizil, oq yoki sariq rangda bo‘lgan. Eng qimmat va zamonaviy (chetdan keltirilgan va Sug‘dga oid) shoyi matolarning chetlariga odatda murakkab naqshlar yoki biror rangning bir necha tuslaridan hoshiyalar berilgan; kamdan-kam hollarda hukmdorlar va asilzodalar oilalari vakillarining liboslari butunlay ana shunday naqshlar yoki rang-baranglikdan iborat bo‘lgan.
 

Bosh kiyimlari juda xilma-xil bo‘lgan. Erkaklar orasida namatdan, ba’zida esa gazlamadan baland konussimon shaklda, ko‘pincha pastki qismi qaytarilib, sal kesik joy qoldirilib tikilgan qalpoqlar urf bo‘lgan. Bir necha andozalarda o‘ziga xos sug‘dcha uslubdagi maxsus bosh kiyimlar tikilgan bo‘lib, aftidan,ular jangovar dubulg‘aga taqlidan usti uzun naysimon konus shaklida ishlangan.
 

Har ikki jins vakillari tepasi baland ko‘tarilgan turli shlyapalar ham kiyishgan. Samarqand hukmdori ko‘plab oltin bezaklar va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan shlyapa kiygan, hukmdor bosh kiyimining yana bir nusxasi, yettita qimmatbaho tosh o‘rnatilgan oltin diadema bo‘lgan. Asilzoda xonimlar tilla gullar yoki nafis to‘rli matoga qo‘shib tikilgan qora ro‘mollar bilan soch turmaklarini o‘rab yurgan. Yosh ayollar va qizlar turli uzunlikdagi to‘rt o‘rimli kokil taqishgan; ular sochlarini ko‘pincha sochpopuklar bilan bezatishgan.                                             


Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Sugʻdiyona ipak yo‘lining yuragi” kitob-albomida (XXXV jild) tanishishingiz mumkin.
 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Sug'dning jahon nazariga tushgan nafis liboslari