Samarqand davlat muzey-qo‘riqxona kolleksiyalarining yaratilish tarixi

Mamlakatimizdagi yirik muzeylar qatorida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi alohida o‘rin tutadi. Muzey kolleksiyasi esa qadimgi va o‘rta asrlarga oid Vatanimiz tarixi va madaniyatining eng boy xazinalaridan biri sanaladi.

 Uning tarixi Samarqanddagi birinchi muzey bilan chambarchas bog‘liq. Bu muzey arxeologik, numizmatik, etnografik va geologik topilmalar kolleksiyalari negizida 1874 yilda tashkil etilgan va 1896 yilda rasman muzey sifatida ish boshlagan. 1911 yilda muzey tabiat, arxeologiya, etnografiya va maishiy bo‘limlardan tashkil topgan maxsus qurilgan binoga ko‘chib o‘tgan.
          
1969 yil O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi nomi berilgan mazkur muassasa 1934 yildan 1978 yilgacha taniqli savdogar Abram Kalontarovning sobiq uyida (Abdurahmon Jomiy ko‘chasi, 51) qo‘nim topgan. 1978 yilda u Samarqandning tarixiy qismidagi Registon maydoniga joylashtirilgan. 1982 yil uning asosida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilgan.
         
Uning asosiy negizi bo‘lmish – O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyi 2010 yilda Ulug‘bek ko‘chasidagi binoga ko‘chib o‘tgan va ushbu bino mukammal taʼmirlangandan so‘ng 2014 yilda rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan.
        
Muzey to‘plamiga asosiy qismi o‘ta nodir sanaladigan o‘n minglab eksponatlar kiradi. U tarix, sanʼat, arxeologiya fondi, etnografiya, tasviriy sanʼat, numizmatika, bonistika, doimiy va vaqtinchalik faoliyat ko‘rsatadigan ko‘rgazmalar bo‘limi kabi bir nechta mavzuli bo‘limlarga ajratilgan. Muzeyning uzoq yillik faoliyati davrida eng qadimgi zamonlardan hozirgacha bo‘lgan O‘zbekistonning madaniyati va sanʼatini ifoda etuvchi juda ko‘plab arxeologik, numizmatik, etnografik, yozma va hujjatli ashyolar to‘plangan.
        

Tarkibida 50 mingta ashyoni saqlab kelayotgan Muzey arxeologik fondi eksponatlari haqli ravishda eng qimmatli va sermazmun kolleksiya sanaladi. U bronza asriga oid zargarlik buyumlarining noyob namunalari, qadimgi va o‘rta asrlarga oid sopol, metall va shishadan hamda alebastr va gildan yasalgan bezaklardan iborat.
         
Muzey XIX asrning 80 – 90 yillariga oid kelin va kuyovlarning alohida liboslari, 2500ta anʼanaviy o‘zbek kiyimlari to‘plamlarini o‘zida jamlagan. 1920 yilda Buxoro amirining xazinasidan keltirilgan zardo‘zlik buyumlari ham Muzeyning nodir kolleksiyasi sanaladi. Ushbu (1500 ta buyumdan iborat) zardo‘zlik kolleksiyasi tarkibida XIX asrning o‘rtalaridan XX asrning boshlarigacha bo‘lgan davrga oid kelinlarning to‘liq to‘y sarpolari kolleksiyasi ham bor. Bundan tashqari XVIII asrning oxirlaridan XX asrning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda Qashqadaryo va  Samarqand viloyatlari, Farg‘ona vodiysi, shuningdek turkman gilamdo‘zlari tomonidan tayyorlangan 500 dan ortiq gilamlar va gilamdo‘zlik mahsulotlari kolleksiyasi ham fondlardan munosib o‘rin egallaydi. Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Xorazm va Farg‘ona mis o‘ymakorligi buyumlari esa adadi 2000 tadan ziyodroq yirik kolleksiyani tashkil qiladi. Muzeyning etnografik to‘plamlarida, shuningdek, O‘zbekistonning keyingi ikki yuz yillik o‘tmishiga oid kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshligi, teriga ishlov berish, ipak va nim ipak to‘qish, chit matolarga gul bosish, musiqa asboblarini yasash kabi badiiy hunarmandchilik turlari keng yoritilgan. XX asrning boshlarida mashhur Rossiya zavodlarida ishlab chiqarilgan hamda XX asrning ikkinchi yarmida Toshkent va Samarqand chinni zavodlarida ishlangan chinni idishlar ham Muzey to‘plamlari ichida muhim o‘rin egallaydi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plamI” kitob-albomida (XVIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
 

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxona kolleksiyalarining yaratilish tarixi