Naprstek nomidagi muzey tarixi

Naprstek nomidagi muzey (ilgari Chex sanoati muzeyi bo‘lgan) XIX asrning 60-yillarida chex madaniy va siyosiy hayotida muhim shaxs hisoblangan Voyta Naprstek (1826 – 1894 yillar) va uning onasi, pragalik uddaburon tadbirkor Anna (1788 – 1873 yillar)ning tashabbusi bilan xususiy to‘plam sifatida tashkil topgan.

Naprsteklar oilasi xonadon kutubxonasi va muzeyi bilan birga o‘sha davrning taniqli odamlari diqqatini o‘ziga jalb etgan. Shuningdek, bu yerga qiziquvchilar orasida juda ko‘p sayyohlar ham bo‘lib, ular Voyta Naprstek va uning xotini Yozefa tomonidan moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirib turilgan.

1877 – 1887 yillar davomida dunyoning turli o‘lkalari bo‘ylab sayohat qilgan yoki ishlagan chexlarning tuhfalari evaziga muzey to‘plami yana-da boyigan. 1932 yil muzey Chexoslovakiya davlati ixtiyoriga o‘tgan va uni tashkil etgan sohibi nomi bilan atala boshlangan. Ikkinchi jahon urushi boshida u Milliy muzeyning bir qismiga aylantirilgan. 1962 yilda muzeyning etnografik to‘plami Qadimgi Misr va Yevropaga oid bo‘lmagan numizmatika buyum va ashyolari bilan to‘ldirilgan hamda Naprstek nomidagi O‘rta Osiyo, Afrika va Amerika xalqlari madaniyatlari muzeyi, deb yuritila boshlangan.
       
XIX asrda sayyohlar va boshqa shaxslarning tuhfalari asosida to‘plangan O‘rta Osiyo to‘plami muzeydagi jami ashyolarning juda kichik qismini tashkil etgan. Bugungi kunga kelib O‘rta Osiyo to‘plami tarkibida to‘rt yuzdan ortiq ashyo va buyumlar mavjud bo‘lib, ular asosan badiiy hunarmandchilik mahsulotlari hisoblanadi. Bular to‘qimachilik buyumlari (matolar, kiyimlar, kashtalar, gilamlar), kulolchilik va metallga badiiy ishlov berish asosida yaratilgan buyumlar hisoblanadi. To‘plamning asosiy qismini O‘zbekiston va Tojikiston milliy hunarmandchiligi buyumlari tashkil etadi. Turkmanistonga tegishli ashyolar esa undan kamroq, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga oidlari bir nechtagina, xolos.
        
Muzeyga badiiy sanʼat mahsulotlari turli yo‘llar bilan keltirilgan bo‘lib, XIX asrning ikkinchi yarmida xorijda ishlagan shaxslar tomonidan qirq to‘qqiz dona buyum hadya etilgan.  XXI asr boshlari va 1990 yillardan boshlab ushbu muzeyga keltiriladigan buyumlar soni qisqarib bordi. Masalan, 1990 yildan 2000 yilgacha muzeyga bor-yo‘g‘i yettita buyum olindi. 2000 – 2012 yillarda esa 31 ta ashyo qabul qilib olindi. 1950 yillardan boshlab hozirgi kunga qadar mazkur to‘plam tarkibida badiiy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘payib bordi. Bundan tashqari uning tarkibidan XIX asr oxirlarida ilmiy maqsadda xorijiy mamlakatlarda, jumladan O‘rta Osiyoda sayohatda bo‘lgan E. Faitning vorislari tomonidan sovg‘a qilingan eksponatlar ham o‘rin oldi. Muzeyga 1987 yil taqdim etilgan mazkur shaxsiy to‘plam tarkibida 1915 – 1917 yillarda O‘zbekistondan keltirilgan buyumlar ham bor. Tarixiy buyumlarning yana bir qismi 1890 yildan 1905 yilga qadar Marvda Rossiya podsholik armiyasida harbiy kapellan bo‘lib xizmat qilgan Vinsent Shiyer tomonidan to‘plangan. Buyumlar 2000 yilda uning nevarasi tomonidan taqdim etilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.