Проекты "Культурного наследия Узбекистана" представлены в Бурсе

Madaniy qadriyatlar almashinuvida So‘g‘dning o‘rni

So‘g‘dda «Afrosiyob sozi» yoki «so‘g‘d sozi» nomli cholg‘u ham juda keng tarqalgan.

Madaniy qadriyatlar almashinuvida So‘g‘dning o‘rni

Lyutnyasimon bu asbob qisqa dastaga ega bo‘lib, katta dumaloq asos, kalta dasta, orqaga qayrilgan xarragi, davri va hududiga ko‘ra besh va undan ko‘p bo‘lgan torli quloqlar kabi organologiya belgilari bilan farqlangan. Tadqiqotchilar klassik, to‘rt torli, so‘g‘d lyutnyasiga o‘xshash cholg‘uni torli barbat, bo‘lg‘usi arab udining o‘tmishdoshi deb ataydilar. Islom madaniyati gullab yashnagan davrda (X – XII asrlar) bu asbob «So‘g‘d barbati» («Barbati so‘g‘diy») nomini olgan.

So‘g‘dning musiqiy ta’siri O‘rta Osiyo va undan tashqaridagi tarixiy-madaniy hududlarni ham qamrab oladi. O‘rta Osiyo antik davrida (eramizdan avvalgi III – eramizning III – IV asrlari) va ilk o‘rta asrlarda (VIII asrga qadar) ishlangan, yuqorida ta’kidlangan sozga yaqin bo‘lgan «qisqa lyutnya»ning turli ko‘rinishlari O‘zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatida, qadimgi Baqtriya-Toxariston hududlaridan aniqlangan. Uning tasviri tushirilgan topilmalar Dalvarzintepa, Xolchayon, Kampirtepa va boshqa shaharchalardan ham topilgan.

So‘g‘d tarixiy-madaniy hududida lyutnyaning xilma-xil ko‘rinishlari aniqlangan. Qadimgi Naxshab (Janubiy So‘g‘d, hozirgi Qashqadaryo viloyati), Yerqo‘rg‘on (taniqli o‘zbek arxeologi R. X. Sulaymonov tomonidan o‘rganilgan) turli ko‘rinishdagi lyutnyasimon asboblar – katta dumaloq asos va uchta torga, shuningdek, cho‘zinchoq kosa va ikkita torga ega sozlarni chertib turgan yalang‘och ayollar haykalchalari topilgan. Musiqa asboblarining u ayollar qo‘lidagi joylashuvi ham turlicha bo‘lgan. Haykalchalar o‘yma qolipda tayyorlangan va taxminan eramizning III – V asrlarida yasalgan. O‘tmishda va ilk o‘rta asrlarda So‘g‘dda uzoq va yaqin mamlakatlar bilan savdo, diplomatik va ijtimoiy-siyosiy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Bu hudud Buyuk Ipak yo‘li hududida joylashgan mamlakatlar bilan madaniy qadriyatlarni jadal ayirboshlashda ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda Xitoy bilan madaniy, xususan, musiqa san’ati borasidagi aloqalar alohida o‘rin tutgan. Shuningdek, Afrosiyob xarobalaridan birida topilgan devoriy suratlar juda katta dovruq qozongan (o‘zbekistonlik olim L. I. Albaum izlanishlarini misol keltirish mumkin).

Unda bir guruh zodagon ayollar sozanda qizlar bilan qayiqda ketayotgani tasvirlangan bo‘lib, bu surat Xitoy elchilarining tashrifi deb ham izohlanadi (VII asr). Mashshoqlardan biri lyutnyaga o‘xshaydigan torli asbobni ushlab ketmoqda. Uning joylashuvi, ijro usuli, tashqi ko‘rinishi shu turdagi an’anaviy xitoy cholg‘usi pipani esga soladi. Uning yonida setor (sin)ga o‘xshash cholg‘uni ushlab olgan yana bir sozanda ayolni ko‘rish mumkin. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.