
Haftalikning ushbu muhim voqeasi 15 dekabr kuni Yoshlar Saroyi binosida boshlanadi. Kongressda rasmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan 300 dan ortiq taniqli xorijiy olimlar, shuningdek, 1000 ga yaqin mamlakatimiz olimlari va milliy ishtirokchilar ishtirok etadilar.
“O‘zbekiston madaniy merosi- yangi Renessans poydevori” IV Xalqaro kongressining ikki kuni xorijlik olimlarning O‘zbekiston madaniy merosi qadriyatlarini ochib berishga bag‘ishlangan ma’ruzalariga ajratilgan.
Taniqli sharqshunos olimlar o‘zbek zaminining buyuk tafakkurining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ilmiy va madaniy yuksalishning kuchli portlashlari – butun insoniyat tarixida noyob davrlarga aylangan, ma'rifat, diniy bag'rikenglik va insonparvarlik muhitini namoyon etgan birinchi va ikkinchi Renessans davri haqidagi ko‘p yillik izlanishlarining hayajonli va shov-shuvli natijalari bilan o‘rtoqlashadilar. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yangi Renessans g‘oyasi respublika hayotining ko‘plab jabhalarida keng ko‘lamli yangilanishlar olib borilayotgan bir paytda alohida ma’no kasb etmoqda. Mamlakatimiz tarixida ana shunday yorqin davrlar bilan bir qatorda o‘zining ulkan yutuqlari bilan tadqiqotchilar e’tiborini tortadigan boshqa shonli sahifalar ham bo‘lgan.
Kongressda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining 2025-yil davrigacha bo‘lgan faoliyatining “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining albom- kitoblari uchun sertifikatlar hamda mamlakatimiz muzey va kutubxonalariga noyob qo‘lyozmalarning faksimillarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi mavzusiga bag’ishlangan taqdimot va ma’ruzalardan tashqari, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan 35 jilddagi noyob kitob-albomlarning taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Kitoblarda turli davrlarga oid, O‘zbekiston san’at asarlarining jahon muzeylari va shaxsiy kolleksiyalari – Chexiya, Hindiston, AQSh, Kanada, Italiya, Turkiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Yaponiyada saqlanayotgan boy palitrasi aks ettirilgan. Bir qancha nashrlar mamlakatimiz muzeylari – Davlat tarix muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti muzeylarida saqlanayotgan noyob osori-atiqalarga bag‘ishlangan.
Haftalikning uchinchi kuni kino va tarixiy fotografiya mavzusiga bag'ishlangan. Shu kuni Markaziy Osiyo mintaqasi kinotanqidchilari sho’basining yig‘ilishi, shuningdek, O‘zbekiston kinematografiyasi tarixidagi eng muhim marosim, ya’ni multiplikatsion filmlarni (100 dan ortiq multfilmlar) va oʻzbek kinosining oltin kolleksiyasidan oltita filmlarni Butunjahon jamiyati homiyligida Rossiya kino fondidan Oʻzbekistonga qaytarish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Haftalikning to‘rtinchi kuni madaniyat va ilm-fanni navqiron avlod o‘rtasida ommalashtirish shiori ostida o‘tkaziladi. O‘zbekistonning yosh avlod vakillari mamlakatimiz madaniyati va san’ati sohasidagi yutuqlar bilan qiziqarli shaklda tanishishlari mumkin bo‘lgan maxsus interaktiv maydonchalar tayyorlanadi. Multimedia “bazalari” yaratiladi, jonlanayotgan tarixiy tasvirlar aks ettirilgan 3D installyatsiyalar, tarixiy filmlar va kitoblar sahnalari aks ettirilgan tarixiy rekonstruksiyalar, hunarmand tematik zonalari tashkil etiladi, milliy raqslar bo‘yicha mahorat darslari, shuningdek, ekspertlar jamoasining mamlakatimiz tarixi va hatto tarixiy teatr rekonstruksiyalari mavzusida “Nima? Qayerda? Qachon?" o’yinlari o’tkaziladi.
O‘zbekiston madaniy merosi Haftaligi mehmonlar va ishtirokchilar uchun ko‘plab yoqimli syurprizlarni tayyorlamoqda. Ular orasida mahalliy filmlar premyeralari namoyishi, kinoxronikaning noyob lavhalari ko’rsatiladigan «Kinolektoriy» zali, yorqin va rang-barang fashion-шоу- «Milliy liboslar – Yangi Renessans davri durdonalari» ko‘rgazmasi va boshqa tadbirlar bor.


