To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun ishlatilagan ashyolar va texnikalar

To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun ishlatilagan ashyolar va texnikalar

To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun qo‘y yungi (kam miqdorda – echki va tuya juni), shuningdek, paxta ipi ishlatilgan.

Dastlab junni yigirishgan, tarashgan, o‘rashgan. Tarash uchun taxta asosga mahkamlangan ikki qatorli uzun metall tishli jun taroqdan foydalanishgan. Ipni urchuq yordamida yigirishgan. Tayyor iplar g‘altakka o‘ralgan. Asos uchun bir xil o‘ramdagi ikkita biriktirilgan ip qarama-qarshi tomonga, yaʼni soat miliga teskari yigirilgan (Z2S). Bunday o‘rish o‘zbek anʼanasi uchun xos bo‘lgan. To‘qish uchun ham Z2S qo‘llovi ishlatilgan. Baʼzida iplar soat mili yo‘nalishi bo‘yicha bir marta o‘rilgan (Z1, Z2). Yung uchun iplar Z2S, Z2 o‘rimiga ega bo‘lgan. Paxtali iplar yung gilamlar va silliq matoli palos (paxta gilam)lar uchun asos sifatida ishlatilgan. Kanop va ipak kabi materiallardan kam foydalanishgan. Ipakchilik o‘zbek xonliklarining hunarmandchiligida muhim o‘rin egallagan bo‘lishiga qaramay, dashtliklar ipakni ayrim hollarda, masalan, choyshablar tikishda, kashtalar to‘qishda yoki bezakning ayrim detallari (Buxoro va Samarqand viloyatlari, Farg‘ona vodiysi)da ishlatishgan. Iplar tabiiy bo‘yoqlarda bo‘yalgan. To‘q qizil, deyarli jigar rang yoki olcha ranglarni yovvoyi ro‘yan daraxti ildizidan olishar, XIX asrda hatto Rossiyaga ham eksport qilingan. Sariq rangni tog‘ning yovvoyi o‘simligi – isparoqdan olishgan.

Bo‘yoq sifatida shuningdek anor qobig‘i, yong‘oq po‘stlog‘i, o‘rik va ravoch ildizlari, pista yaprog‘i, naʼmatak va tol po‘stlog‘i ishlatilgan. Keltiriladigan va o‘ta qimmatlari sirasiga Hindistondan import qilingan indigo o‘simligi bo‘yog‘i, shuningdek forslar va hindlarning koshenil (qirmizi) bo‘yoqlari mansub.

XIX asrning so‘nggi choragida mahalliy bozorlarga anilin asosli Yevropa sunʼiy bo‘yoqlari (arabcha nil-indigo) keltirila boshlandi. Ularning ishlatilishi osonroq bo‘lgani sababli tezda haqiqiy tabiiy bo‘yoqlarni siqib chiqardi. Anilin azaldan yumshoq, xira rangli gilamlarni o‘zgartirdi, unga g‘ayriodatiy, baʼzida turfa yorqin jilolar tusini berdi.

To‘qish uslubi bo‘yicha ikki asosiy guruhni ajratib ko‘rsatish mumkin, ular: silliq va yungli gilamlar. Birinchi turdagi gilamlar keng tarqalgan bo‘lib, «eski o‘zbek paloslari yupqaligi, matoning tekisligi va momiqligi bilan tengsiz bo‘lgan va gilam bozorlarida yuqori baholangan».

Silliq to‘qima gilamlarni ham silliq yungli va kashtali gilamlarga ajratish mumkin. Birinchi guruhga ranglarga asoslangan (qoxma, terma, g‘ajari) rangli arqoqli (taqir yoki kilim), qo‘shimcha arqoq ip bilan naqsh solingan rangli arqoqli (sumax, besh kashta) gilamlarni kiritish mumkin. Gilamlarning nomlanishi ularning uslubidan darak beradi. Kashtali gilamlarga misol qilib enli gilam va qiz gilamlarni ko‘rsatish mumkin. Silliq to‘qilgan gilamlarning o‘ziga xos jihati – uning bezagida turli to‘qimachilik usullarida taxta deb atalmish yo‘llarning almashib kelishidir. Ko‘pincha bunday uslubga yaqin bo‘lgan g‘ajari uslubdan ham foydalanilgan: bitta gilamning o‘zida g‘ajari, qoxma g‘ajari va besh kashta usullari uyg‘unlashgan bo‘lishi ham mumkin bo‘lgan. Tukli gilamlarni to‘qishda simmetrik va simmetrik bo‘lmagan naqshlardan foydalanilgan. Uning tuklari maʼlum joyda qirqib tashlanishi ham mumkin bo‘lgan (julxirslar) yoki to‘qish davrida sinchkovlik bilan bir tekisda qirtishlangan (kalta yungli gilamlar).

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlarga tengdosh an’ana” kitob-albomida (XIV jild) tanishishingiz mumkin. Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun ishlatilagan ashyolar va texnikalar
To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun ishlatilagan ashyolar va texnikalar
To‘qima gilamlarni tayyorlash uchun ishlatilagan ashyolar va texnikalar