Astronomiya

Astronomiya

O‘rta asrlarda astronomiya va u bilan bog‘liq astrologiya Sharq xalqlari orasida juda qadrlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yil O‘zbek davlat ommaviy kutubxonasining (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi) Sharq bo‘limi asosida tashkil etilgan. Institut xazinasida bu mavzu bo‘yicha taʼlif etilgan 153 ta asarning 234 ta qo‘lyozmasi jamlangan. Ularning aksariyati fors tilida yozilgan. Mazmunan ularni astronomik jadvallar (zijlar), astrologik hisoblar, toleʼnomalar, osmon jismlari tavsifi hamda ularning o‘zaro va tabiat bilan bog‘liqligini aks ettiruvchi asarlarga tasniflash mumkin. Bulardan tashqari, taniqli va nomaʼlum mualliflarning Solnoma va Navro‘znoma shaklidagi taqvimlari ham yig‘ilgan (92 ta qo‘lyozma). 

Mashhur mualliflarning asarlaridan: Abu Maʼshar al-Balxiyning (vaf. 886) XVII asrga mansub nodir qo‘lyozmada yetib kelgan «Qironot i kavokib» (Yulduzlarning yaqinlashuvi) nomli fors tilidagi risolasi; Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) “At-Tafhim” asarining ikkita forscha nusxasi (shulardan 1261 – 1262 yillarda ko‘chirilgani qadimiy bo‘lib, xarita, chizma va jadvallar bilan taʼminlangan; Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub 3 ta risola ham bo‘lib, ulardan biri Ibn Sinoning Beruniy savollariga javobnomasi tarzida yozilgan, 1664 yil qo‘lyozmasida saqlanadi; Faxriddin ar-Roziy 2 ta risolasining forscha tahriri; Mahmud ibn Umar al-Chag‘miniyning (vaf. 1221) «Al-mulaxxas fi-l-haya» (Astronomiyaning qisqacha bayoni) va unga Ulug‘bekning ustozi Qozizoda Rumiy (1360 – 1437) tomonidan yozilgan sharhning XVI – XIX asrlarga tegishli ko‘plab nusxalari; Nasiriddin at-Tusiyning uchta risolasi, shulardan «Tatimma ar-Risola Muʼiniya» (Muʼiniddinga bag‘ishlangan risolaga qo‘shimcha) 1422 yilda ko‘chirilgan yagona qo‘lyozmada yetib kelgan. 

Astronomik asarlar majmuasida ismlari fanda nomaʼlum bo‘lgan bir nechta muallifning yagona nusxada yetib kelgan risolalari ham saqlanadi. 1743 yil qo‘lyozmasidagi Sher-Muhammad Kakyoniyning «Maʼrifati samti qibla» (Qibla yo‘nalishini aniqlash), Ali ibn Qodir an-Nataniyning Ali Qushchi tomonidan arab tilida yozilgan «Risola al-fathiya» (Fath risolasi)ga bitgan sharhi shular jumlasidandir. Dastxatlar sirasida mashhur maʼrifatparvar olim Ahmad Donishning (1827 – 1897) sayyoralar harakati, astrologiya, globusning tuzilishi haqidagi risolalarini hamda 1288 va 1299 – 1300 hijriy yillar uchun tuzgan 2 ta taqvimini zikr qilish mumkin. Shuningdek, Hishmatning taqvimlarni tuzish uslubiga bag‘ishlab 1912 – 1916 yillar orasida yozgan risolasi ham dastxat namunasidir. Astronomik asboblar haqidagi qo‘lyozmalar asosan asturlob, globus, sinuskvadrat bilan o‘tkaziladigan amallar haqidagi risolalar nusxalaridan iborat (30 ta). Ularning eng qadimiysi XIII asrda kitobat qilingan. 

Mavzu  bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan  qo‘lyozmalarga bag‘ishlab chop etilgan  XXIII-jild nashridan olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Astronomiya
Astronomiya
Astronomiya
Astronomiya
Astronomiya
Astronomiya
Astronomiya