XIX asrda va XX asr boshlarida gilam va gilam mahsulotlaridagi bezaklarda diniy-marosimiy tasavvurlar

XIX asrda va XX asr boshlarida gilam va gilam mahsulotlaridagi bezaklarda diniy-marosimiy tasavvurlar

Gilamdagi surat o‘z-o‘zidan matn o‘rnida kelib, unda deyarli har bir unsur maʼlum bir tushuncha va narsaning ramziy shakli bo‘lib xizmat qilgan.

XIX asrda va XX asr boshlarida gilam va gilam mahsulotlaridagi bezaklarda diniy-marosimiy tasavvurlar

Harf bezaklari zamirida sehr-afsun formulasi jam bo‘lgan, o‘zida chorvadorning hayoti bilan bog‘liq ko‘p qiyofalarni mujassamlashtirgan. Butun boshli kompozitsiya, bu – dunyo modelidir. Gilam hoshiyasi balo-qazolardan, ko‘z tegishidan asrovchi ahamiyat kasb etadi. To‘quvchilarning badiiy tafakkurida tasvirni “kodlashtirish” qobiliyati paydo bo‘ldi. Gilamlardagi butun geometrik bezaklarni naqshlar mavzusidan kelib chiqib bir necha guruhga ajratish mumkin: – kosmogonik belgilar: xoch, pog‘onasimon va kungurador romblar sakkiz yog‘duli yulduzlar, kvadratlar (obod qilingan kenglik, qo‘riqlanadigan hudud), girdobli belgi, meandr (suv, unumdorlik, hayot oqimi) ko‘rinishidagi medalyonlar; – zoomorfik tasvirlar: asosan shoxlar, shuningdek turli-tuman hayvon nomidagi geometrik elementlar shakli: tuya bo‘yin, it izi, qurbaqa, ho‘kiz ko‘zi, kaklik to‘shi, ajdaho va boshqalar. Ularning barchasini totemizm bilan ibtidoiy aloqa bog‘lab turadi. 

Bu guruh mavzulari hayvonlarni badiiy anʼanalar, majoziy maʼnolar asosida ifodalashga chorlaydi; – o‘simlik shakllari: ular ko‘proq xoch-enli gilamlarida uchraydi. Aytish joizki, gilamda bunday shakllarni aks ettirish keyinroq – ko‘chmanchi hayot asta-sekin o‘troqlashib, ziroatchilik madaniyatiga moslasha boshlanganidan so‘ng yuzaga kelgan; – ashyolar mavzusi: ayni vaqtda sehr-jodu mazmuniga ega bu narsalar asosan ko‘chmanchilar maishiy turmushiga taalluqlidir. Ular orasida kuygur (qozoqcha sabu) – qimiz uchun teri idish, keraga – o‘tovning panjarasimon gavdasi, pichoq uchi, taroq, tumor. Bu guruhga asosan maishiy buyumlar aks etgan tamg‘a belgilarini ham kiritish mumkin. – xizmat unsurlari – bezakning yirikroq mavzularini uzuq, to‘lqinsimon yo‘laklar, singan chiziqlar singari maydalari bilan bog‘lashga xizmat qiladigan geometrik shakllar. Nomi qayd etib o‘tilgan qariyb barcha naqsh mavzulari O‘rta Osiyo va turkiydasht xalqlari migratsiyasiga uchragan mamlakatlarning gilamchilik sanʼatida anʼanaviy tus olgan. 

Gilam naqshlaridagi eng ommaviy mavzu – poygakdagi romb bilan teng tomonli xoch va shox shaklidagi unsurlardir. Biz bu shakllarni Oltoydan tortib Kichik Osiyogacha bo‘lgan hududda tayyorlangan gilamlarda uchratamiz. Bu o‘z navbatida chorvadorlarning ko‘chmanchi hayoti bilan uzviy bog‘liqdir. Belgining barqaror bo‘lgani, misli ko‘rilmagan katta hududda tarqalgani uning dasht aholisi uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. U dasht xalqlarining dini, tangriga sig‘inishining yaqqol belgisi sanaladi. Uning saqlanib qolgan – kaykalak, ot haykali singari nomlari shuni anglatadiki, u sajda qilinuvchi qiyofa sifatida tasavvur qilingan. 

Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi urug‘lar hayotida tamg‘a belgilar katta o‘rin tutgan, muhr o‘rnida qo‘llangan, maʼlum bir oila, qabila, urug‘ belgisi bo‘lib xizmat qilgan. Masalan, bog‘onali urug‘i bakan tamg‘a (bakan so‘zidan – xoda, o‘tov gumbazini ko‘tarib turgan)dan, tarli oq urug‘i uch tish tasvirlangan taroq tamg‘adan olgan. Qipchoq tamg‘alar – ikki vertikal chiziq yoki ikki pichoq–ikipchoq deb aytilgan. Ko‘rinib turibdiki, pichoq uchi shaklining prototipi – o‘tkir pichoq, g‘ajari hoshiyasidagi ommaviy mashhur belgi. Kezi kelganda aytish kerakki, pichoq ham chorvador, ham o‘troqlashgan ziroatchi urug‘lar madaniy hayotida ommalashgan belgi bo‘lgan. Kesuvchi-qirquvchi bu buyum misolida qo‘riqchi-moʻjizakor kuch idrok qilingan. 

Ko‘chmanchi turmush tarzi barham topgach tamg‘a asta-sekin o‘zining belgilovchiifodalovchilik qiymatini boy berdi. Biroq shunga qaramay maishiy buyumlarni, jumladan, gilamlarni bezash jarayonlarida etnonim bezak sifatida saqlanib qoldi. Ammo tamg‘aning ilk shakli mazmun-mohiyatini tiklash endilikda qiyin.

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlarga tengdosh an’ana” kitob-albomida (XIV jild) tanishishingiz mumkin. Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.