XIX asr – XX asr boshlari gilamdo‘zligi

XIX asr – XX asr boshlari gilamdo‘zligi

So‘nggi o‘rta asrlar davrida O‘zbekiston hududida uchta davlat – Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari sarhadlarida hunarmandchilikning o‘ziga xos maktab va markazlari rivojlandi.

Xonliklar aholisi ko‘p millatli bo‘lsa-da, ammo etnik omil hech qanday farqlovchi ahamiyatga ega emasdi. Jamiyat esa u yoki bu xo‘jalik doirasiga mansubligi nuqtai nazaridan muayyan guruhlarga – dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishiga qarab shaharliklar, qishloqliklarga bo‘lingan. Gilamdo‘zlik yaylov chorvachiligi bilan shug‘ullanadigan (o‘zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar, qozoqlar) qabilalarning alohida (ustuvor) mashg‘uloti bo‘lib qolaverdi. Shuningdek, dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi qishloqlarda ham (arablar, tojiklar) gilam to‘qilar edi. 

Shaharlarda gilamchilik ustaxonalari bo‘lmasa-da, biroq shahar bozorlari Eron, Ozarbayjon, Sharqiy Turkiston kabi qo‘shni mamlakatlardan keltirilgan import mahsulotlarni taklif etardi. Shu tufayli O‘zbekiston har doim chetdan keltirilgan gilam mahsulotlarining yirik isteʼmolchisi bo‘lganligi ko‘p marta tilga olingan. Gilamlarning qo‘l ishi sifatida to‘ylar va oila davrasida foydalanish uchun to‘qilishi ularning oliy sifati bilan izohlangan. Taomilga ko‘ra kelin sepi sifatida «o‘tovning to‘liq jihozini keltirgan: kamida uchta gilam, to‘rtta buyum solinadigan qop, ikkita to‘rva, ikkita palos, bir nechta namat, ro‘zg‘or anjomlari uchun xaltachalar...». 

S. M. Dudin yozadi: «O‘zbek gilam mahsulotlari orasida o‘zining manzarali qadr-qimmati, chuqur va shaffof ranglari, soddaligi va hatto rasmlarining xomakisi bo‘yicha Kavkazning dag‘al va rang barang gilamlari, hatto fors va Kichik Osiyoning ko‘plab gilamlarini ham ortda qoldirgan».

Chor Rossiyasi tomonidan o‘zbek xonliklarining bosib olinishi mahalliy hunarmandchilikka bo‘lgan alohida qiziqishning kuchayishiga olib keldi. O‘zbek gilami tadqiqotchilar, rassomlar va sotuvchilarning eʼtiboriga tushdi. Buyurtmachi va vositachilik, tayyor mahsulotni tashish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar paydo bo‘ldi. Ayrim markazlar gilamni faqat sotuvga chiqarishni boshladi. Jumladan, Amudaryoning o‘rta oqimidagi turkman qishloqlari (bu hududlar Buxoro amirligi tarkibiga kirgan), Qarshi yaqinidagi Qamashi arab qishlog‘i, Farg‘ona vodiysining aholi punktlari yirik gilam yetkazib beruvchi sifatida tanildi. Buyurtma asosida ishlash aholi daromadini oshirdi, biroq gilamlar sifati asta-sekin tusha boshladi. XX asrning birinchi o‘n yilliklaridagi siyosiy o‘zgarishlar, chorvadorlarning o‘troq hayot turmush tarziga majburlanishi, ayollarning paxta yetishtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilishi, gilamchilik sohasining tushkunligiga sabab bo‘lgan yana bir omil bo‘ldi. Qishloqlarda eski namunalarni eslab qolgan, to‘quvchilik ko‘nikmalarini saqlab qolgan ayollar soni kun sayin kamayib bordi. XX asr mobaynida gilamdo‘zlik anʼanalari asosan chekka joylarda saqlanib qoldi.

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlarga tengdosh an’ana” kitob-albomida (XIV jild) tanishishingiz mumkin. Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.