Shu nuqtai nazardan Qo‘qon xonlarining zarb etgan tangalari xonlikning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatidan darak berguvchi muhim manbadir. Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan va turli davrlarda zarb etilgan tangalar ham o‘ziga xos va noyob tarixiy manba hisoblanadi. Bu va boshqa tarixiy masalalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumida chop etilgan 43-jildda (XLIII, “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida) hamda Qo‘qon xonligi tarixiga oid monografiyalarda qimmatli maʼlumot va dalillar mavjud.
XIX asr boshlarida, kitob-albomda taʼkidlaganidek, “xonlikning kengayishi va taraqqiyoti natijasida xonning mustaqil davlat boshlig‘i sifatidagi rutbasini rasmiylashtirish ehtiyoji tug‘ildi. Shu maqsadda nufuzi Buxorodagiga teng keladigan amaliy mansablar joriy etildi,maʼmuriy tizim takomillashtirildi va eng muhimi – xon tomonidan pul zarb etish yo‘lga qo‘yildi”. Shu tariqa markazlashgan davlat tashkil topdi.
Tangalarni ilk zarb etish, tadqiqotlarga ko‘ra, Norbo‘tabiy davriga (1766 – 1798) to‘g‘ri keladi. Shu zaylda Olim Qo‘qonning keyingi xonlari Olimxon (1798-1810), Umarxon (1810-1822) xonlarining tangalari haqida batafsil maʼlumot berilgan. Aytishlaricha, Umarxon 1818 yilda pul islohoti o‘tkazgan. Shundan so‘ng mis pullar, yuqori sifatli kumush va oltin tangalar zarb qilish yo‘lga qo‘yildi. Shu paytdan boshlab tangalardagi yozuvlarda “xon”, “sulton”, “amir” kabi unvonlar paydo bo‘lgan. Tangalar mis, sifatli kumush va oltindan zarb etilgan.
Mazkur kitob-albomda, shuningdek, Muhammad Alixon, Sulton Sayid, Shohmurodxon, Xudoyqulixon, Nasriddinbek, Po‘latxon kabi Qo‘qonning hukmdorlarining o‘z nomlari bilan zarb etilgan tanga pullariga oid maʼlumot berilgan. Taʼkidlash joizki, hatto bir necha oy xon taxtini egallaganlar ham o‘z nomi bilan pul chiqargani mamlakatning iqtisodiy-siyosiy hayoti barqaror bo‘lmaganidan dalolat beradi va bu holat, yaʼni xonlarning o‘z nomi bilan pul chiqarish Rossiya qo‘shinlari tomonidan Qo‘qonni zabt etishi va Farg‘ona viloyati taʼsis etilishiga qadar (19876 yil) davom etadi. Qo‘qon xonligining numizmatikasiga oid materiallarda mazkur muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan tangalarning rasmlari berilgani alohida eʼtiborga molikdir.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.



