«ҚЎҚОН» ДАВЛАТ МУЗЕЙ-ҚЎРИҚХОНАСИ ТЎПЛАМИ
Tavsif
Qo‘qon Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biridir. Shahar X asrdan buyon turli nomlar bilan tanilib kelgan, ammo uning gullab-yashnagan davri XVIII asrga to‘g‘ri keladi. Illyustratsiyalar bilan bezatilgan mazkur jildda Farg‘ona vodiysidagi eng qadimiy madaniyat muassasalaridan biri bo‘lgan Qo‘qon muzey-qo‘riqxonasida jamlangan sanʼat predmetlarining eng sara namunalari taqdim qilingan. Muzey-qo‘riqxona tarkibiga oltita muzey va to‘rtta madaniy meros obidalari kiradi. Muzeyning bosh binosi shaharning qoq markazida, Qo‘qon xonligining hukmdori Xudoyorxon saroyida joylashgan. Saroyning o‘zi o‘rta asrlarning so‘ngi davri meʼmorchiligining noyob yodgorligidir. Jildning bo‘limlari muzey turli kolleksiyalariga bag‘ishlangan. Misol uchun, numizmatika kolleksiyasida Qo‘qon hukmdorlarining XVIII-XIX asrlardagi tangalari namoyish qilingan. Qo‘lyozmalar to‘plamini XIX asrning durdonalari, masalan, Xudoyorxon topshirig‘iga ko‘ra qayta ko‘chirilgan Qurʼon, madrasalarning darsliklari, shariatga oid asarlar, shuningdek, Fizuliyning g‘azallar to‘plamiga qarab baholash mumkin. Vodiy amaliy sanʼatining turli yo‘nalishlari, yaʼni to‘qimachilik, metall buyumlar, zargarlik buyumlari to‘plamlarini aks ettiruvchi bo‘limlar ham juda qiziqarli... Ko‘plab rasmlar jamlangan tasviriy sanʼat to‘plami ham eʼtibordan chetda qolmagan. Jild sahifalaridan XX asrning klassiklariga aylangan L.Bure, O‘.Tansiqboyev, N.Karaxan, V. Ufimsev, Ch.Ahmarov va boshqa rassomlarning, shuningdek, bugungi kungacha faol ishlayotgan mo‘yqalam ustalarining ham eng sara asarlari o‘rin olgan.