Qiz-gilam

Qiz-gilam

Qiz-gilam – Qashqadaryo, Surxondaryo qo‘ng‘irotlari va laqaylari tomonidan yaratilgan va tikilgan gilamlar guruhining shartli nomi.

Ularning dastlabki nomi saqlanib qolmagan. Gilamlarning o‘zi esa tadqiqotchilarning diqqat-eʼtiboridan chetda qolgan. Hozirgi kunda bu gilamlar ko‘plab xorijiy kolleksiyalarda to‘plangan. Faqat ayrim namunalar O‘zbekistonning xususiy va muzey jamlanmalarida saqlanmoqda. Mazkur mahsulotning farqli xususiyati – fonning yorqin qizil rangi va bir xil tikilishidir. Bezaklar o‘sha-o‘sha. Sakkiz qirrali medalyonlar, dashtliklarga xos rombli tomonlari teng xochlar, qo‘chqor shoxlari. Medalyon naqshi diagonal (oq zangor bilan, oq ko‘k bilan, qizil ko‘k bilan, qizil oq bilan va hokazo), bu laqaylar va qo‘ng‘irotlarning qiz gilamini turkmanlarniki bilan yaqinlashtiradi. Kamyob namunalari oq fonli, tikilishi qizil-ko‘k gammada. Bitta gilamda uning o‘lchamiga qarab oltitadan 28 tagacha medalyon bo‘lishi mumkin.

Asosiy elementlari – bosma chok bilan, sirtqi ko‘rinishi va qo‘shimcha detallari yurma chok bilan tikilgan. Tikish sifati vaqt nishonasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chunki ilk davrlardagi mahsulotlarda sifat yuqori. Boshqa aksariyat o‘zbek gilamlarida bo‘lgani kabi, qiz gilam polotnoning oldindan to‘qilgan tor yo‘laklarida tikilgan. Mazkur turdagi gilamlar uchun ip yigirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Tikish ishlari yungda, gohida ipakda, keyingi davrlardagi namunalarida paxtada bajarilgan. Bu mahsulotlar alohida maqomga ega edi. To‘y kunlarida balolardan asrovchi va bezak vazifasini o‘tagan. Odatda bu gilamlar qizining to‘yi uchun ona tomonidan tikilar, to‘y pardasi yoki choyshab sifatida ishlatilardi. Qiz-gilam deb nomlanishining sababi ham shunda.

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlarga tengdosh an’ana” kitob-albomida (XIV jild) tanishishingiz mumkin. Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Qiz-gilam
Qiz-gilam