
Ularning eng ko‘hna namunalari neolit va bronza davrining (V–II mingyilliklar) petrogliflaridir. Ularda bir tekis harakatdagi bir guruh odamlar aks etgan bo‘lib, ular ov bilan bog‘liq afsun raqslaridir. Bu tarixiy davrda musiqa amaliy vazifani bajargan – inson va uning ovdagi mashg‘ulotlarida hamrohlik qilgan. Bunda oddiy ohanglar, ritmlar, bir xilda takrorlanuvchi tovush birikmalaridan foydalanilgan.
Musiqaning alohida shakllari va ayniqsa, O‘rta Osiyo cholg‘uchiligida to‘liq Old Osiyo va yunon madaniyati taʼsiri o‘z izlarini qoldirgan. Ahamoniylar hukmdori Kir tomonidan O‘rta Osiyoning ishg‘ol qilinishi (eramizdan avvalgi 539-yil) mazkur hudud janubiy qismining ikki asr davomida ushbu sulola hukmronligi qo‘l ostiga tortilishiga yo‘l ochgan. Harbiy maqsadlarda ishlatiladigan ayrim cholg‘ular – metalldan ishlangan ogoh etuvchi naylar (karnay) va zarbli cholg‘ularning kelib chiqishi, aftidan, shu zamonga borib taqaladi. Abu Nasr Forobiy o‘zining «Musiqa haqidagi katta kitob» asarida qadimgi fors shohlari harbiy yurishlar chog‘ida karnaylardan foydalanganlarini yozgan.
X–XI asrlardan boshlab dunyoviy yo‘nalish bilan bir qatorda islom dini negizida tasavvuf taʼlimoti va uning musiqiy-sheʼriy anʼanalari vujudga kelgan. Xurosonning yirik tasavvuf maktabi ham Movarounnahrdan uncha uzoq bo‘lmagan hududda ravnaq topgan. Keyinchalik so‘fiylarning maxsus xonanda va bastakorlari – qavvollar paydo bo‘lgan, so‘fiy musiqasida samoʼ, zikr, raqs atamalari vujudga kelgan. «Musiqa tinglash» masalasi ham so‘fiylik manbalarida turli bahs-munozalarga sabab bo‘lib, uning tarafdorlari ham, tanqidchilari ham paydo bo‘lgan. Bu jarayon tasavvuf amaliyoti va nazariyasining dunyoviy va maʼnaviy yo‘nalishdagi asoslariga taʼsir qilgan.
Shu tariqa qadimgi davr va ilk o‘rta asrlar boy cholg‘u va vokal sanʼati anʼanalari Movarounnahr va Xuroson shaharlarida IX–XII asrlarda, keyinchalik XIV–XV asrlarda yangicha rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan. Keyinchalik aynan Samarqanddan (so‘g‘d musiqa anʼanalari vorisi) mashhur musiqashunos Hakim Abu Hafs So‘g‘diy yetishib chiqqani ham tasodif emas, albatta. Uning X asr boshlarida shohrud cholg‘u asbobini yaratgani Abu Nasr Forobiyning «Musiqaning katta kitobi» asarida, shuningdek, bir qator o‘rta osiyolik musiqashunoslar tomonidan qayd etib o‘tilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.