
Universallik, professional musiqa faoliyati muhitining kengayishi, diniy va dunyoviy tendensiyalarning uygʻunlashuvi, musiqani tarqatish shakllarining demokratlashtirilishi, musiqa haqidagi bilimlarning hamma uchun yetarliligi, musiqani yuqori hissiy-nafis qabul qilish madaniyati, turkiy va forsiy anʼanalarning qorishuvi bu davr musiqa sanʼati uchun xos jihatlar sanaladi.
Musiqiy va badiiy komillikka intilish musiqa sanʼati homiylari tomonidan muntazam ragʻbatlantirib borilgan va bora-bora madaniy hayot tarziga aylanib ulgurgan. Sozandalar bir nechta cholgʻu asbobini chala olishgan, qoʻshiq ham kuylashgan, ular gohida oʻzlari kuy yoki qoʻshiq ijod qilib, oʻzlari tinglovchilar hukmiga havola etishgan, baʼzida ijodiy va ilmiy faoliyatni teng yuritgan holda musiqa haqida risolalar ham bitishgan.
Bu davrda professional musiqachilar soni sezilarli darajada oʻsib borgan. Oʻsha davrda yashagan nomaʼlum muallif maxsus roʻyxat tuzib chiqqan boʻlib, u katalogda shartli ravishda “Husayn Boyqaro davrida yashagan musiqachilar roʻyxati” deb belgilangan (ayni paytda Parij milliy kutubxonasida saqlanadi). Musiqachilar haqidagi qisqacha biografik maʼlumotlarni tarixiy, memuar, sheʼriy asarlarda, xususan, XV–XVII asrga oid tazkiralarda keltirib oʻtilishi oʻsha davrning oʻziga xos xususiyatlaridan biri boʻlgan. Bir qator musiqachilar orasidan oʻndan ortigʻining nomini oʻsha davr mualliflari koʻp bora qayd etib oʻtishgan. Birgina Bobur Mirzo ularning oʻn beshtachasini sanab oʻtgan.

Faqat Husayn Boyqaro va oʻsha davrning taniqli shaxslarigina emas, shoir va musiqachilarning uylarida ham majlislar oʻtkazilib, kuy-qoʻshiqlardan bahra olish odatiy holga aylangan. Hirotda Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Said Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad Qushtigir tomonidan uyushtirilgan majlislar ham alohida ajralib turgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
