Мazkur qo‘sh miniatyura shohlar, sultonlar va eng oliy darajadagi ayonlarning hayoti va o‘yin-kulgilarining turli qirralari aks etgan saroy janrida yaratilgan. Saroylardagi ziyofatlarni maddohlik uslubida tasvirlaydigan o‘zidan avvalgi rassomlardan farqli o‘laroq, Behzod Sulton Husayn saroyida kechgan saroy hayotining xarakterli tafsilotlarini ikir-chikirigacha tavsiflab, qahramonlarning xatti-harakatlarini, atrof-muhitni diqqat bilan qalamga tushirgan holda haqiqiy turmush manzaralari aks ettirilgan kartinalarni yaratadi. Shu bilan birga, bu Sulton o‘z ayonlari qurshovida tasvirlangan portretning o‘ziga xos janri – portret-kartina sanaladi. U kompozitsiyaning o‘ng tomonida, shiyponcha ostida, qushlar va hayvonlar tasvirlari bilan bezatilgan, naqshli fonda to‘qilgan gilamcha ustida, juda boy tarzda bezatilgan chodir oldida odmigina yashil kaba kiygan holda tasvirlangan.
Chodir va shiypon kompozitsiyadaga uning yuksak mavqeini ko‘rsatadi. Uning oldidagi bejirim ishlangan xontaxtada sharob solingan idishlar turibdi. Uning gavdasi yarim o‘girilgan holda unga atirgulni uzatayotgan yigitga qaratilgan; gulning hidi uni mast qilib qo‘ygan va u qulab tushmasligi uchun orqasida xizmatkor uni suyab turibdi. Uning atrofini ziyofatning boshqa ishtirokchilari – taklif etilgan mehmonlar, musiqachilar, ziyofatda xizmat qiladigan xizmatchilar o‘tirishibdi. Mehmonlardan biri musiqa jo‘rligida g‘azal o‘qimoqda. Musiqa va g‘azal davrada o‘tirganlarga kuchli hissiy taʼsir ko‘rsatgan – ulardan biri hushidan ketgan, boshqasi jazavaga tushib kiyimlarini yirtib tashlagan, uchinchisi chuqur karaxt holatiga tushgan. Asosan xizmatchilar tasvirlangan kompozitsiyaning chap tomonida qattiq mast bo‘lgan mehmonlardan birini tashqariga yetaklab chiqarishmoqda. Shu qismdagi hovlining eshigi oldida Behzod ziyofatga kirmoqchi bo‘lgan kambag‘al kishini tayoq bilana urayotgan eshik qo‘riqchisi – eshik og‘asini tasvirlagan. Eshik og‘asining qizil choponi, uning kuchga to‘la qiyofasi orqaga yiqilib, qo‘rquvdan dir-dir titrab turgan qora kiyimli kambag‘al odamning qiyofasi bilan keskin ziddiyatli holatni namoyon qiladi.
Ushbu miniatyura odatdagi ziyofat, ichkilikbozlikning talqini emas, balki undagi yigitning hushidan ketishi, atirgul, mastlik (baʼzilarning ekstaz holati), xizmatchilar olib kelayotgan sharoblar; jazavaga tushib kiyimlarini yirtib tashlagan yigitning tasviri, so‘fiylarning muhim atributlaridan biri bo‘lgan barcha ishtirokchilarning belidagi qamarlar, yaʼni (futa) belbog‘larning hammasida tasavvufiy timsollarni qo‘llashda namoyon bo‘ladigan teran mazmun yashiringan. Sulton Husayn garchi maqomiga ko‘ra kamarband – oltin va kumush to‘qalar bilan bezatilgan charm kamar taqishi kerak bo‘lsa-da, uning o‘zi ham beliga shunday belbog‘ boylab olgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_1_1.webp)
