Go‘ri Amir maqbarasining koshinkor eshiklarida qanday yozuvlar bitilgan?

Go‘ri Amir maqbarasining koshinkor eshiklarida qanday yozuvlar bitilgan?

Davlat Ermitaji to‘plamida saqlanayotgan Go‘ri Amir maqbarasining koshinkor paneli va naqshinkor eshiklari temuriylar davri sanʼat yodgorliklarining eng noyob namunalari qatoriga kiradi.

Maqbaraning meʼmoriy tuzilishi oddiy: sakkiz qirrali silindr baraban ustida rangli g‘ishtchalar bilan qoplangan qirrali shar simon konusli gumbaz o‘rnatilgan. Asosiy zalning ichki qismi hashamatli bezakli va epigrafik tasvirlar bilan qoplangan, maqbaraga kirish joylarining yuqorisida o‘rnatilgan koshinkor lavhalarda ham yozuvlar mavjud.

Yon eshik ustida joylashgan koshinda ikkita arab yozuvi bitilgan. 

Birinchisida shunday deyilgan: «Jahon sultoni Amir Temur Ko‘ragonning qabri. Alloh uning sodiqligini qabul qilsin va jannatga kirishga ijozat ber gay. Sultonning buyrug‘i bilan…». 

Shu yerda yozuv uziladi. Kufiy usulidagi sariq harflar ikkinchi yozuvda bilinmay ketgan. Bu yozuv asosan bezak uchun ishlatilgan, chunki XV asrga kelib, mazkur yozuv deyarli unutilgan edi:

«Allohdan boshqa iloh yo‘q, Alloh bergan va u inʼom etgan kuch-qudratdan o‘zgasi yo‘q» (N.I. Veselovskiy tarjimasi).

1905-yilda plita qaroqchilar tomonidan sindirilib, Istanbulga olib ketildi, u yerdan Berlindagi Kayzer Fridrix muzeyi uchun sotib olindi. Bir necha yil o‘tgach, Birinchi jahon urushidan oldin diplomatik yozishmalar natijasida koshinni Rossiya imperiyasi hukumati sotib olgan. Koshinkor paneldagi yozuvlar maqbaraning kirish eshiklarida o‘yilgan yozuvlar bilan bevosita bog‘liq edi. Ikki tabaqali eshik ilgari Go‘ri Amir maqbarasi shimoliy qismida o‘rnatilgan bo‘lgan. Eshik yong‘oq daraxtidan yasalgan. Eshik tabaqalarining o‘rta panellarida rasmli bezak fonida katta guldastali guldon rasmi tushirilgan. Rasmning yuqori qismida nilufar guli aks ettirilgan. 

Batafil: "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, XV tom, "Davlat Ermitaji to‘plami"da o‘qishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi  – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Go‘ri Amir maqbarasining koshinkor eshiklarida qanday yozuvlar bitilgan?
Go‘ri Amir maqbarasining koshinkor eshiklarida qanday yozuvlar bitilgan?