O‘zbek ayollari taqqan taqinchoqlar

O‘zbek ayollari taqqan taqinchoqlar

O‘zbek xonliklari ayollari taqqan taqinchoqlar maqsadlariga qarab guruhlarga bo‘lingan: boshga, peshonaga, peshona-chakkaga, peshona-chakka-bo‘yinga, chakkaga, gardanga, sochga taqiladigan taqinchoqlar, sirg‘alar, qo‘l taqinchoqlari va boshqalar.

To‘liq to‘plam to‘y kunlarida ishlatilgan. Ko‘krak bezaklari orasida zebigardon, nozigardon, bo‘yintumor, qo‘ltiqtumor; peshona-chakka taqinchoqlari orasida silsila, bibishoh, mohitilla, tavq va boshqalar keng tarqalgan. Kelinlar boshlariga tillaqosh, peshonaband taqishgan. Peshonaband forsiydan tarjima qilinganda, peshonasi band, boshi bog‘liq, turmushga chiqqan maʼnolarini anglatgan. Zargarlik taqinchoqlari nafaqat taqinchoq, balki yosh va ijtimoiy holatga urg‘u beruvchi belgilar ham hisoblangan.

Tumor zargarlik buyumlarining maxsus turidir. Tumor sohibasini turli nazar-nafasdan asrash maqsadida taqilgan. Bo‘yintumor, ko‘kraktumor yoki qo‘ltiqtumorlar bir-biridan tashqi ko‘rinishi hajmining katta-kichikligi bilan farqlangan bo‘lsa-da, maqsad va vazifalari bir xil bo‘lgan. Ular uchburchak, to‘rtburchak yoki silindr shaklidagi g‘ilof ko‘rinishida bo‘lib, uning ichiga duo yozilgan qog‘oz taxlab solingan. Ayollar tumorlardan boshqa maqsadlarda ham foydalanishgan, masalan, unga dori-darmon yoki muattar hid taratuvchi vositalar solib yurishgan.

Uzuk va bilaguzuklar asosan tilla va kumushdan tayyorlangan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Uzuklar nafaqat ayollar, balki erkaklar orasida ham keng tarqalgan taqinchoq hisoblangan. Ayniqsa, mansabdor erkaklar uchun uzuklar alohida ahamiyat kasb etgan, ular uzuklardan muhr sifatida foydalanganlar. Erkaklar X asrga qadar tilla uzuklar taqishgan. Keyinchalik, islom dini taʼsiri tufayli, kuchli jins vakillari umuman tilla taqinchoqlardan voz kechdilar va endilikda erkaklar orasida kumush ommalashdi. Erkaklar ham, ayollar ham taqqan yana bir bezak bu – kamarband (belbog‘). Ayollarga xos kamarlar asosan baxmal matodan tikilib, oltin yoki kumush bezaklar, kashta bilan bezatilgan. Erkaklar kamarlari esa aksariyat hollarda charmdan bo‘lib, ularning bezatilishi sohibining moddiy ahvoliga bog‘liq bo‘lgan.

Zargarlik buyumlari orasida mashhurlaridan yana biri sirg‘alardir. Ularni kattalar ham, bolalar ham taqishgan. Sirg‘alar juda turli-tuman bo‘lgan. Besh oyoq, oybaldoq, qashqarbaldoq, zarkokil kabi turlari eng keng tarqalgan zirak namunalari sanalgan.

“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallaridagi ekspozitsiyalarda XVIII–XIX asrlarga oid barcha zargarlik mahsulotlarini ko‘rish mumkin.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
O‘zbek ayollari taqqan taqinchoqlarO‘zbek ayollari taqqan taqinchoqlar