Uning hukmronligi davridagi eng katta qurilish Shahrisabzdagi Oqsaroy bo‘ldi (1380–1386 yy.). Hovuzi bor keng hovli ikki qavatli binolar bilan o‘ralgan, to‘rida qabulxona joylashgan edi. Baland kirish peshtoq-portali 22 metr uzunlikdagi yonma-yon minoralarni bog‘laydigan gumbazdan iborat bo‘lgan. Portalda mozaika yordamida sher va quyosh, shuningdek Amir Temurning uch halqali nishoni tasvirlangan. Saroy tomi ustida joylashtirilgan hovuzdan oqib tushayotgan sharshara betakror moʻjiza hisoblangan.
Shahrisabzning janubiy qismida Amir Temurning katta o‘g‘illari Jahongir va Umarshayx uchun 1379–1404-yilda ulkan Dorus-saodat maqbarasi qurilgan. Mazkur majmua tarkibiga Amir Temurning xilxonasi ham kiritilgan, ammo u bu yerda dafn qilinmagan.
Dorussaodat o‘zining meʼmoriy kompozitsiyasi jihatidan Turkistondagi Shayx Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi binolarining ansambliga yaqin. Mazkur maqbara ham XIV asr oxirida Amir Temur buyrug‘i bilan qurilgan.
“Dorut-tilovat” («Fikr yuritish uyi» yoki «Qurʼon o‘quvchilar xonasi») meʼmoriy majmuasi Shayx Shamsiddin Kulol Fahuriy dafn etilgan joyning yonida qurilgan.

Maqbaralar bilan bir qatorda u 1434-yilda Ulug‘bek tomonidan qurilgan Dorut-tilovat madrasasini va Ko‘k Gumbaz jome masjidini ham o‘z ichiga oladi. Masjidning oqish moviy koshinlar bilan bezatilgan gumbazlari Shahrisabzdan ancha uzoq bo‘lgan masofadan ko‘rinib turganligi uchun u ana shu nom bilan atalgan edi.
Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi davrida Samarqand beqiyos shuhratga ega bo‘ldi. U Sharqning eng chiroyli, gullab yashnayotgan va aholisi ko‘p bo‘lgan shaharlaridan biriga aylanadi.
Batafil: "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, XV tom, "Davlat Ermitaji to‘plami"da o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.
