Qalamlarning turlari juda xilma-xil bo‘lib, ular naqshlarning xarakteri va naqsh solish texnikasiga qarab qo‘llanilgan. O‘zbek kandakorlik mahsulotlarini naqsh bilan bezashning bosh tamoyili asosiy naqshning hoshiyalanishida o‘z ifodasini topgan. Hatto idishlarning ustki yuzasidagi bezaklar ham quyi qismida ensiz naqsh chizig‘i yoki bo‘rtma burmalar bilan hoshiyalanadi. Usta naqsh unsurlarining tiyiqsiz, g‘alayonli oqimidan qochib, ularni cheklovchi tekis qirg‘oqlar tomon yo‘naltiradi go‘yo. Naqshlarning sodda, erkin va nozik jilvalari uyg‘unligi, ularni hoshiyalovchi chiziqlardagi aniqlik va vazminlik o‘zbek ustalarining kandakorlik mahsullarini anglash va tushunish uchun eʼtiborli jihatlardan biri hisoblanadi. Kandakorlik mahsulotlari naqshlaridagi motivlar o‘zbek amaliy bezak sanʼatining barcha turlari uchun anʼanaviy sanaladi.
Bular asosan o‘simlik gulli, handasaviy va ayrim hollarda zoomorf naqshlardan iboratdir. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Farg‘ona o‘yma naqshlarida, keyinchalik esa Buxoro va Samarqand naqshlarida meʼmoriy yodgorliklar tasvirlari paydo bo‘ldi. Qo‘qonlik ustalar o‘sha paytda mashhur bo‘lgan litografik buyumlardan ko‘chirib olingan g‘aroyib maxluqlarning tasvirlarini qo‘llashgan.
Islimiy o‘simliksimon bezaklari va uning chirmashib o‘sgan poyalar, gulli va bargli naqshlardan iborat turlari o‘zbek naqshlarining eng keng tarqalgan motivlari hisoblanadi. Islimiy naqshlar turunjlarni, to‘pbargul shaklidagi bezaklarni, geometrik shakllarni, shuningdek turli xil hoshiyali chiziqlarni to‘ldirishda ishlatiladi. Zoomorfik tasvirlar muayyan uslubga solingan shaklda ishlatilgan. Bu davrda hayvonlarning to‘liq tasvirlari emas, balki ularning maʼlum qismlari aks ettirilgan: chashmi bulbul (bulbulning ko‘zlari), qo‘chqorak (qo‘chqorning shoxlari), pushti baliq (baliq tangasi) va boshqalar. Hayvonlar, qushlar yoki ularning tana aʼzolari ozmi-ko‘pi aniq aks ettirilgan tasvirlarni metall quyuvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan tutqichlar, jo‘mraklarning turli xil detallarida kuzatish mumkin. Kanadakorlikda handasaviy bezaklar ko‘pincha yordamchi vazifalarni bajarishda qo‘llaniladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.


