«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»

«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»

O‘zbekiston zamini azaldan ulkan sivilizatsiyalar, buyuk allomalar, jasur sarkardalar, shoiru fozillar vatani bo‘lib kelgan.

Yurtimiz tarixida yuz bergan turli voqea-hodisalar, bemisl kashfiyotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biz ajdodlarimiz qoldirgan qo‘lyozma manbalar, moddiy madaniyat yodgorliklari orqali xabardor bo‘lamiz. 

O‘tmish haqida to‘laqonli tasavvur bera oladigan muhim vositalardan biri, shubhasiz, tasviriy san'atdir. Jumladan, miniatyura san'ati azaldan xalqimizning yuksak ijodiy salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatish barobarida ota-bobolarimizning tashqi qiyofasi, turmush tarzi, diyorimizning ko‘hna manzaralari haqida eng ishonchli tasavvurlarni bera oladi.

2020 yilning 16 dekabrida YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni himoya qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XV sessiyasida miniatyura san'ati YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi hamda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Eron xalqlarining mushtarak qadriyati sifatida e'tirof etildi.

Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, «buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir».

Ma'lumki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ko‘p yillardan buyon ko‘hna madaniyatimiz durdonalari qatori miniatyura san'ati namunalarini ham tadqiq etib keladi. «O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidagi nashrlarning bir qancha jildlari Sharq miniatyuralariga bag‘ishlangan. 2021 yilda Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan miniatyura san'atining yetuk namoyandasi haqida «Moniyni xijolatda qoldirgan» Kamoliddin Behzod» sovg‘a nashri ham chop etilgan.

Dunyoning turli mamlakatlarida ma'lum yurtga oid hukmdorlar, sarkardalar, ilm-fan, adabiyot va san'at vakillari portretlarini jamlagan kitob-albomlar chop etish an'anasi mavjud. Bu borada bizda ham ma'lum urinishlar bo‘lgan. Ammo ayni paytga qadar Vatanimiz o‘tmishidagi mashhur tarixiy shaxslarni aks ettirgan milliy miniatyura san'ati namunalarining barchasini o‘z ichiga olgan mukammal nashrni uchratmadik.

Ilk bor bunday yirik nashr – «O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar» kitob-albomi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati loyihasi doirasida chop etilmoqda. Nashr XIII–XVIII asrlarda ishlangan 300 ga yaqin rangli miniatyurani qamrab olgan. Unda Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar sulolalariga mansub 80 dan ziyod hukmdor, shahzoda va malikalar, 20 dan ziyod shoir, olim, mutafakkir va rassomlar tasvirlarini uchratamiz. 

Nashr ustida ishlash jarayonida ko‘pgina tarixiy shaxslar suratlarini turli muzeylardan (Vashingtondagi Frir galereyasi, Nyu-York Metropoliten muzeyi, Baltimor San'at muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Edinburg universiteti kutubxonasi, Shahzoda Og‘axon kollektsiyasi, Frantsiya Milliy kutubxonasi, Rossiya FA Sharq qo‘lyozmalari instituti, To‘pqopi saroy-muzeyi, Misr Milliy kutubxonasi va hokazo) izlab topdik. O‘ndan ortiq mamlakatlarning 30 ga yaqin muzey va kutubxonalari bilan bog‘lanib, chop etish huquqini qo‘lga kiritdik.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan madaniy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga yuksak e'tibor qaratilmoqda. Ana shu e'tibor samarasi bo‘lgan mazkur kitob mamlakatimiz hukumatining bevosita ko‘magida nashr qilindi. 

Kitob-albom o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlandi. U Akbar Hakimov, Kamola Akilova, Zuhra Rahimova, Abdumajid Madrahimov singari olimlarimiz tomonidan ma'qullandi va ijobiy baholandi. Nashr sovg‘abop va oddiy ko‘rinishlarda chop etiladi. Mamlakatimizdagi va xorijdagi ilmiy muassasalar, muzey va kutubxonalar, dunyoning yetakchi olimlari va mutaxassislariga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»
«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»
«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»
«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»
«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»
«O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar»