Ganch o‘ymakorligi

Ganch o‘ymakorligi

O‘zbekistonning anʼanaviy meʼmorchilik bezaklarida yog‘och o‘ymakorligi bilan bir qatorda, o‘ymakorlik uslubidagi va quyma bezaklarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan va tarkibida 40 dan 70 foizgacha gips bo‘lgan alebastrning mahalliy turi (ganch)ga o‘yib ishlanadigan ganch o‘ymakorligi ham keng ommalashgan.

Qo‘qonda ushbu amaliy sanʼat turining ko‘zga ko‘ringan maktablaridan biri shakllangan. Ganch o‘ymakorligining baʼzi namunalari “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyasida taqdim etilgan.

Ganch o‘ymakorligi uslubida bezatilgan eng qadimiy binolardan saqlanib qolgani bizning muzeyimiz tarkibiga kirgan meʼmoriy yodgorliklardan biri – Norbo‘tabiy madrasasi (madrasai Mir) hisoblanadi. Qo‘qon hunarmandlari tomonidan o‘yib ishlangan naqshlar masjid devorlarida, darsxonalarda va binoning darvozalarida saqlanib qolgan. Ganch o‘ymakorligining ajoyib namunasini muzey-qo‘riqxona tarkibiga kiruvchi yana bir bino – Dahmai Modarixon maqbarasining gumbazida ham ko‘rish mumkin. Uning bezaklari sizni shirin orzular olamiga yetaklaydi. Gumbazning toqiga qaragan har bir kishi o‘zini osmonu falakka ko‘tarilayotgan mislsiz to‘lqinlar girdobida qolgandek his qiladi. Naqshlar ushbu binoni qurgan ustalarning tasavvuri boyligini, ularning poyonsiz koinot haqidagi qarashlarini, jumladan tasavvuf g‘oyalariga ergashganligini anglatadi. Afsuski, bu ajoyib naqshlar muallifining ismi saqlanib qolmagan.

Bundan tashqari, Xudoyorxon saroyining darvozaxonasi gumbazining ichki qismida, Salomxona, Hujrai Xos, masjid (Otabek noyib xonasi) kabi xonalari devorlarida ham o‘ymakorlikning bir qancha ajoyib namunalari bor. Bu naqshlarning barchasi meʼmoriy bezakning barcha turlarini yaratishda mohir usta sanalgan Muhammad Olim sirchi Usta Muhammad Kamol o‘g‘li tomonidan ishlangan. Uning naqshlarining nafisligidan hayratga tushgan Xudoyorxonning o‘zi ustaga o‘z nomini yodgorlik devoriga abadiy qoldirishni buyurgan. Shuningdek xonlik davrida yashab ijod qilgan ganch o‘ymakorlari usta Suyarqul, usta Mahmud ganchkor, Ro‘zimuhammad ganchkor, usta Foruq Xo‘qandiy va boshqa ganchkor ustalarning ismlari ham saqlanib qolgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Ganch o‘ymakorligi