Uning muqovasi o‘rta asrga mansub nomaʼlum liturgik qo‘lyozma varaqlaridan qilingan pergament qoplamali karton plastinalardan iborat. Orqa tomondan qadimgi kutubxona yozuvlari bo‘lgan belgi (yorliq) yopishtirilgan. Varaqlarning chetlariga ozgina qizil va ko‘k bo‘yoq berilgan. XVI asrda kitoblar bosmaxonadan tashqarida muqovalangan va shu sababli ularning har bitta nashri o‘zining materiali va bezatilishi bilan farq qilishi mumkin edi. «Amir Temur tarixi» kitobining saqlanib qolgan boshqa nusxalari mutlaqo boshqa muqovaga ega bo‘lishi mumkin. Kitobning muhim bosma unsuri titul qismining bezaklaridir. Hukmdor Amir Temur qiyofasining tasviri gravyura (o‘yma naqsh) texnikasida bajarilgan va juda yuqori sifatli sanʼat asarini namoyon qiladi. YEWA monogrammasi bilan imzo qo‘ygan muallifning ismi nomaʼlum. Afsuski ushbu tasvir aynan shu kitob uchun maxsus yaratilmaganligi va faqat umumiy matbaa bezagi sifatida ishlatilganligi aniqlandi. Yaʼni, bu Amir Temurning tasviri emas edi.
Tarjima, eng ko‘p taxminlarga ko‘ra, italyan yozuvchisi Pyetro Perondino (Pietro Perondino) tomonidan lotin tilida yozilgan «Buyuk hukmdor Amir Temurning hayoti» (Magni Tamerlanis Scytherum Imperatoris Vita) asaridan qilingan bo‘lishi mumkin. U birinchi marta 1553 yilda Florensiyada nashr etilgan. Kitob juda mashhur bo‘lib ketdi, shuning uchun 1597 va 1600 yillarda Germaniyaning Amberg shahrida qayta chop etilgan.
«Amir Temur tarixi» kitobi 25 bobga bo‘linadigan matnning 110 sonli raqamlanmagan sahifasiga ega, lotin tilidagi har ikkala nashrida esa 26 ta bob mavjud. Sahifalar soni ham farq qiladi: oldingi Florensiya nashri 54 ta raqamlangan sahifani o‘z ichiga oladi, Amberg nashri esa 66 ta sahifani o‘z ichiga oladi va bu undagi farqlarni tushuntirishda juda muhimdir – chunki farqlar faqat tipografiya shriftlarida mavjud bo‘lmagan.
Chex tilidagi tarjimasi lotin tilidagi asl nusxasidan o‘zining katta hajmi bilan farq qiladi. Buning sababi tarjimonning o‘quvchilarni ular uchun nomaʼlum bo‘lgan joylarga iloji boricha yaqinlashtirish va hukmdorning hayoti haqida juda muhim maʼlumotlarni taqdim etish istagi bilan bog‘liq. Matser tarjimasining nashr qilinishidan oldin buyuk jahongir va sarkarda Amir Temur nomi chex adabiyotida hech qachon tilga olinmagan va Yevropada hukm surgan usmoniy turklardan mudom qo‘rqib kelgan mamlakat aholisining aksariyati ularni boshqa turkiy xalqlardan ajratmagan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.


