Ularning barchasi 1950 yillardan boshlab to 2020 yilgacha muzey fondiga qabul qilingan. Ular orasida arxitektura bezaklarining fragmentlari, masalan, shift uchun ishlangan yarim doira shaklidagi yog‘och chorqirra – vassalar, uy jihozlari – shkaflar, stollar, stullar, to‘sinlar, sandiqlar, beshiklar, musiqa asboblari, qoliplar, yaʼni matoga naqsh bosish uchun o‘yib naqsh berilgan muhrlar, shuningdek uy anjomlari – yog‘och idishlar va qoshiqlar, urchuqlar, taroqlar, chakichlar (tandirda yopilgan nonlarga bezak beruvchi anjom), shaqildoqlar va boshqa buyumlar bor. Ularni yasashda yong‘oq, chinor, qarag‘ay, tol daraxtlarining yog‘ochlaridan foydalanilgan.
Yog‘och o‘ymakorligi sanʼati ko‘pincha duradgorlik, najjorlik (yog‘och ustasi) deb ham atalgan va O‘zbekistonda qadim davrlardan boshlab rivojlanib, eng yuqori sanʼat darajasiga ko‘tarilgan. Qo‘qon haqli ravishda ushbu hunarmandchilikning tan olingan markazlaridan biri hisoblanadi. I Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish davomida Qo‘qonga «Jahon hunarmandlik shahri» maqomining berilishida ham aynan yog‘och o‘ymakorligi sanʼati asosiy mezon bo‘lgan edi.
Muzey kolleksiyasidagi yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlarining katta qismi mashhur o‘ymakor, sulolaviy usta Qodirjon Haydarov (1899 – 1903) nomi bilan bog‘liq. Qo‘qon o‘ymakorlik anʼanalari bo‘yicha ijod qilib kelgan usta o‘sha davrning o‘zidayoq bu hunarmandchilikka ko‘plab yangiliklarni kirita olgan. Uning nabiralari Mirzausmon, Mirzayunus, Hasanjon Umarov va ularning farzandlari, shogirdlari O‘zbekiston Qahramoni Abdug‘ani Abdullayev, Salimjon Ergashev, Mansur Jalolov, Nabijon Hushnazarov, Burxon Abdullayev, Odil Jalolov, Rafiq Mahmudov, Ibrohim Sodiqov, Islom Karimov, Murod Abdullayev usta Qodirjon Haydarov maktabining vakillari hisoblanishadi. Qodirjon Haydarov Xudoyorxon saroyining ustunlari, shiftlari, eshiklari va darvozalarini qayta restavratsiya qilishda faol ishtirok etgan, muzey uchun ham yog‘och o‘ymakorligi sanʼatiga oid turli namunalarni tayyorlab bergan. Ulardan biri yozgi peshayvonning maketidir. Usta va uning shogirdlari tomonidan yasalgan stol, stullar to‘plami, shashkunja (olti burchakli stul), karavot kabi milliy mebellarni, qalamdon, siyohdon kabi yozuv materiallari to‘plamini, yog‘och ko‘za, guldonlar, likopchalar, laganlar, shuningdek ustunlar, yog‘och to‘sinlar, muqarnaslar, eshiklar, panjaralar kabi meʼmoriy bezak elementlarini ham alohida esga olib o‘tish lozim.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_1.webp)
