Uzoq vaqtlar davomida bu asboblarni tayyorlash uchun qamish, yog‘och, tosh, suyaklar, metall, charm, ipak, hayvonlarning terisi va ichaklari, ot go‘ngi, oshqovoq, loy va boshqa unsurlardan foydalanib kelingan. Shunday bo‘lsa-da, mazkur asboblarning asosi yog‘ochdan ishlangani uchun ular yog‘och o‘ymakorligi sanʼatini ifodalovchi kolleksiyaning bir qismi hisoblanadi.
O‘zbek cholg‘u asboblari asosan to‘rtta guruhga bo‘linadi: torli asboblar, puflab chalinadigan asboblar, zarbli asboblar va o‘z-o‘zidan ovoz chiqaradigan asboblar. Torli asboblarning ikki turi mavjud: chertib (noxunsiz) chalinadigan – do‘mbira, dutor, tanbur, afg‘on rubobi, qashqar rubobi, qanun; kamoncha bilan chalinadigan – qobuz, gijjak, sato; shuningdek torli-zarbli – chang asbobi. Puflab chalinadigan asboblarning labga qo‘yib chalinadigan turlari – nay, cho‘pon nay, g‘ajir nay; qamishdan ishlangan – sibizg‘a, qo‘shnay, surnay, bulaman; ambushyur (og‘izda chalinadigan) – karnay; klavishli-pnevmatik – garmon (garmon, Xorazm); zarbli – doira, nog‘ora, dovul; o‘zidan tovush chiqaradigan – qayroq, qoshuq (qoshiq), safail, zang. Nihoyat, musiqa asboblari sifatida yaratilmagan, lekin katta ashulalarni ijro etishda ishlatiladigan likopcha, patnis va boshqa asboblarni ham aytib o‘tishimiz mumkin. “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan musiqa asboblari mashhur ustalar, sanʼatkorlar Muxtorjon Murtazoyev, Mo‘ydinjon Yusupov, Xudoyberdi Nosirov, Mamajon Maskov va boshqalar tomonidan yaratilgan.
Yog‘ochsozlik sohasiga kiruvchi ixtisosliklardan biri arava ishlab chiqarishdir. “Aroba” atamasi arabcha «aʼrob» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, harakatlanuvchi, siljuvchi maʼnosini beradi va o‘zbek talaffuzida “arava” shaklini olgan. O‘rta Osiyoda eng mashhur arava qo‘qonaravadir. Ular g‘ildiraklarining kattaligi bilan boshqa mahalliy aravalardan farq qiladi. Shuningdek, bu qo‘qonaravaning boshqa aravalardan ustunligini isbotlovchi muhim xususiyat hamdir. Qo‘qonda, Yangi Chorsu va Noyib ko‘prigi hududlari o‘rtasida kichik “Aravasoz” mahallasi joylashgan. Keyinchalik u «Noyib ko‘prigi» mahallasiga qo‘shilib ketgan. XX asrga kelib, bu mahallada atigi besh-oltita arava yasaydigan ustalar qolgan edi. Mahalliy usta-aravasozlar M. Siddiqov va M. Vahobov, muzey maʼmuriyatining iltimosiga binoan, muzey ekspozitsiyasidan muhim o‘rin egallagan katta yuk aravasi va soyabonli aravani yasab berishdi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_1_1.webp)
_1_1.webp)
_1_1.webp)
_1_1.webp)
_1_1.webp)