Xo‘qandi latifning bunday qadamjosi Xudoyorxon o‘rdasi va unda joylashgan “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasidir. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1822 – 1842 yillarda hukmronlik qilgan) qo‘li gul usta, mohir xattot bo‘lib, o‘z qo‘li bilan yasagan o‘q-yoy, qilich, pichoq, oybolta, nafis idish-tovoqlar, husnixat bilan ko‘chirgan qo‘lyozmalarini, shuningdek, ustozlari va hamkasblari tomonidan yaratilgan amaliy sanʼat asarlarini o‘z o‘rdasining bir necha alohida xonalariga did bilan joylashtirib, nomini Abu Rayhon Beruniyning mashhur asaridan olib, «Osori boqiya» (al osor al boqiya), yaʼni mangulik yodgorliklari deb atagan. Taassufki, bu o‘ziga xos yodgorliklar majmuasi uzoq saqlanmagan, 1842 yili bo‘lgan urush paytida talon-toroj bo‘lgan. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva va Qo‘qonning ko‘plab asilzodalari va zodagonlari, sanʼat, tarix va adabiyotga befarq bo‘lmagan, savodxon, o‘qimishli boy-savdogarlar nafosat oshuftasi bo‘lib, umrlari va savdo faoliyatlari mobaynida ko‘plab osori qadima, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, kitob va tumor (o‘rama) shaklidagi qo‘lyozmalar, osori atiqalarni to‘plaganlar. Shu jumladan, Qo‘qon xonligining Rossiyadagi elchisi, yirik savdogar Mirzahakim Parvonachi, yirik paxtachi boy, savdogar Olimjon Hoji, uning o‘g‘li Solihjon Boyvachcha, Xudoyorxonning savdodagi sherigi Mirtohirboy, maʼrifatparvar Sattorxon Qozi ko‘plab osori atiqalar to‘plaganlar va o‘z hovlilaridagi alohida xonalarni muzeyga aylantirganlar. Mirzahakim Parvonachining muzeyi hovlisi bilan birgalikda 1875 yilda jaholatparastlar tomonidan yondirib yuborilgan. Boshqa mahalliy kolleksionerlar to‘plamlari esa 1920 yillarda sovet hukumati tomonidan musodara etilgan.
Qo‘qonda birinchi rasmiy muzey 1925 yilda sobiq Xudoyorxon o‘rdasi binosida ochilgan. Xudoyorxon o‘rdasi muzeyning eng asosiy boyligi, muhim eksponati hisoblanadi. XIX asrning muazzam va muhtasham obidalaridan bo‘lmish Xudoyorxon o‘rdasi O‘zbekiston zaminida mavjud uchta saroy inshootlaridan biridir. Qo‘qon xonligi davrida (1709 – 1876 yillar) xonlar tomonidan jami oltita o‘rda (saroy) qurdirilgan. Zamona zayli bilan ular vayron bo‘lib, faqat Xudoyorxon o‘rdasining kichik bir qismigina saqlanib qoldi.
O‘rda binosida Farg‘ona viloyat qishloq xo‘jalik va sanoat ko‘rgazmasi ochiladigan bo‘ldi. Ko‘rgazma 1924 yilda tantanali ravishda ochildi. Ko‘rgazmada qishloq xo‘jalik, chorvadorlik, sanoat mahsulotlari bilan bir qatorda shahar hunarmandlarining mahsulotlari, mohir ustalar tomonidan yaratilgan amaliy sanʼat asarlari, boylarning mulklari va xonadonlaridan musodara qilingan osori atiqalar, noyob qurollar, turli jonivorlarning tulumlari ham namoyish etildi. 1925 yilda mazkur eksponatlar asosida muzey tashkil etildi. Muzey 1929 yilgacha Farg‘ona okrug muzeyi, 1929 yildan 1937 yilgacha Qo‘qon rayonlararo muzeyi deb nomlandi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘rda binosida harbiy gospital tashkil etilishi munosabati bilan muzey faoliyati to‘xtatildi. Muzey eksponatlari turli muassasa va tashkilotlarga tarqatib yuborildi. Urush tamom bo‘lgach, muzey qaytadan ochildi. Turli tashkilotlarga tarqatilgan eksponatlar talon-toroj qilingan, qarovsizlik oqibatida qiymatini yo‘qotgan edi. Hamma ishni, jumladan, eksponat to‘plash ishini yangidan boshlashga to‘g‘ri keldi.
1959 yili muzeyga Qo‘qon shahar o‘lkashunoslik muzeyi rutbasi berildi. U respublikaning ko‘hna muzeylaridan bo‘lib, vodiyda qadimiyligi bo‘yicha Farg‘ona viloyat madaniyati va tarixi davlat muzeyidan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami” kitob-albomida (XLIII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi
Har bir shaharning o‘z sevimli ziyoratgohi, shahar ahlida faxr hissini uyg‘otadigan diltortar go‘shasi bo‘ladi.