Taʼkidlash lozimki, ular orasida qaydnomalarga ko‘ra XIX – XX asrlarda tayyorlangan, asosi parchadan va astari shoyidan tikilib, qo‘lda tayyorlangan tasma, jiyaklar bilan bezatilgan mursak (munisak)lar ham mavjud.
Oyoq kiyimlar sirasida esa qo‘nji baland etiklar hamda tovoni saxtiyon terisi bilan bezatilgan yumshoq maxsilar bor. Kiyimlar to‘plamida do‘ppilar jamlanmasi ham muhim o‘rin egallaydi. Ana shu to‘plamda muzeyga 1863 yil keltirilgan, O‘rta Osiyoga mansub qadimiy kiyim hisoblangan va Toshkentda tikilgan do‘ppi ham bor. Mazkur do‘ppilar to‘plamida turli uslublarda mahalliy chok usullarida tikilgan va bezatilgan, qaydnomaga ko‘ra XIX asrning ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar tikilgan bosh kiyimlarni uchratish mumkin.
O‘rta Osiyo kiyimlari mahalliy aholining turmush tarzi va geografik iqlimga mos tarzda tayyorlangan, shuningdek, alohida hududlarga monand yuksak didni o‘zida aks ettirgan. Biroq kundalik, bayram va motam liboslari bir-biridan farqlanib turgan. Shunga qaramay, erkak, ayol va bolalar kiyimlari bichimida juda ko‘p umumiylikni ham ko‘rish mumkin. Kiyim rangi o‘z egasining yoshi va ijtimoiy mavqeidan darak bergan. Yosh qizlar va ayollar yorqin ranglardagi kiyimlar kiyishgan bo‘lsa, keksalarning liboslari esa nisbatan odmiroq rangda bo‘lgan. Erkaklar kiyimining asosini ip gazlamadan to‘g‘ri bichimda tikilgan ko‘ylaklar, beli belbog‘ bilan bog‘lanadigan qavima to‘n, keng ishton tashkil etgan. Erkaklar kiyim-kechaklarida bosh kiyim hisoblangan do‘ppi ham alohida o‘rin tutadi.
Choponlarning turi va ko‘rinishi, ayniqsa tayyorlangan matosi va rangi bilan bir-biridan farq qilgan. Ularning o‘ziga xos tomoni – otda yurishga moslashtirilgan yirtig‘i bo‘lgan. Qadimda choponlar ancha uzun tikilgan va yenglari uzun bo‘lgan. XIX asrning oxiriga kelib choponlar kaltalasha boshlagan. Issiq oylarda yengil choponlar, sovuq kunlarda esa paxtali qavima choponlar kiyilgan.
Ayollar uzun ko‘ylak va lozim kiyib yurishgan. Qizlar ko‘ylagi bichimi ko‘ndalang, yaʼni gorizontal, ayollar kiyimi esa bo‘ylamasiga, yaʼni tik bichimda tayyorlangan. Lozimlar esa ikki xil turdagi matodan tikilgan. Pastki ko‘rinib turadigan qismi qimmatbaho matodan tayyorlangan, tepa qismi arzon, qulay va paxta tolali matodan tikilgan.
Ayollarning ustki kiyimi xuddi erkaklarniki kabi uzun chopon – mursakdan iborat bo‘lgan. Bu ustki kiyim o‘ziga xos bichimga ega bo‘lgan: pastki qismlar bo‘laklari belga qarab qisqarib borgan, etagi keng, bel, yeng va yoqalari tasma bilan bezatilgan. XIX asrning oxiriga qadar mursakni mahalliy matolar hisoblangan adras, beqasam va shoyidan tikishgan. Bu matolar bir xil rangdagi iplardan dastgohlarda to‘qib, ishlab chiqarilgan. Mursaklar bir-biridan etagi va yengining uzunligi hamda kengligi bilan farq qilgan. Toshkentda asosan mursaklar yengi kaltaroq qilib tikilgan. Boshqa hududlarda, masalan, Samarqandda yeng uzun bo‘lib, uchi to‘r bilan bezatilgan. Buxoroda esa aksincha, ichidan ko‘ylak yengi ko‘rinib turishi uchun kalta va keng qilib tikilgan. Mursak ayollarning asosiy ustki kiyimi hisoblangan. Ayniqsa 1870 – 1890 yillarda uni kiyish urf bo‘lgan. Badavlat oiladan chiqqan qizlarning sepida qimmatbaho matolardan tikilgan 2 tadan 18 tagacha mursak bo‘lgan. Shuningdek, kuyovning ota-onasi tomonidan ham kelinlarga mursak sovg‘a qilingan. 1920 yillarda mursak to‘y marosimlarida juda kam uchraydi, u choponning boshqa ko‘rinishi bilan almashgan. Keyinchalik u o‘zining dastlabki ko‘rinishini butunlay yo‘qotgan, u faqatgina motam marosimlaridagina kiyilgan hamda mayit ustiga yopilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_1_1.webp)
_1_1.webp)
_1_1.webp)
_1_1.webp)