Behzod ijodini tahlil qilsak, uning Saʼdiyning tasavvufiy masallari uchun chizilgan illyustratsiyalarda uning so‘fizm tariqatiga ergashganligi haqida tasavvurga ega bo‘lamiz. Ushbu Istanbuldagi To‘pqopi saroyi kutubxonasida saqlanayotgan “Darvesh surati” portreti esa uning o‘z ijodida zohid, darvesh yoki shayx obrazlarining portreti yoki turli janrdagi sahnalarda personajlarni tasvirlashda namuna sifatida olganligi ham so‘fiylik oqimidan boxabarligini ko‘rsatadi.
Ushbu miniatyurada, aftidan, haddan tashqari so‘fiylikka, tarki dunyochilikka berilgan zohid tasvirlangan. Tarki dunyochilik tasavvufning dastlabki bosqichidan boshlangan, uning asosiy mazmuni dunyoni neʼmatlaridan zohidona voz kechish, boylik va farovon hayotni ayblashdan iborat bo‘lgan. Portretdagi obrazning boshidagi qirib olingan sochlari va yalang oyoqlari uning zohidligidan dalolat beradi. U yarim-yalang‘och holda tasvirlangan, ustida bitta charm lungi va yelkasida po‘stakdan tayyorlangan yopinchig‘i bor. Behzod yashagan davrida zohidlar shunday kiyinishgan. Uning oldida darveshlik anjomlari – sadaqa yig‘ish uchun idish, tepasida esa shox va hassasi bor. Portretning hashamdor zeb berilgan chorbezagi keyinchalik XVI asrda chizilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild, 208-sahifa) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.