Bu mashhur syujetda Iskandar haqida hikoya qilinadi. Yunonistonlik sarkarda Buyuk Iskandar tarixining sharqiy anʼanalarida u nafaqat shavkatli jangchi, adolatli podshoh sifatida, balki faylasuf sifatida ham ulug‘langan.
Ushbu miniatyurada Iskandar dunyoning yaratilishi sirlari bo‘yicha bahslashish uchun Arastu, Valis (Miletlik Fales), Suqrot, Bulinas (Tianlik Apoloniy), Furfurius (Tirlik Porfiriy), Xermis (Germes Trimmegist) va Aflotun kabi taniqli donishmandlarni suhbatga chorlaydi. Manzara har doimgidek Behzod qo‘llaydigan janr nuqtai nazaridan kelib chiqib tasvirlangan. Suhbat shohona saroy muhitida, juda ajoyib tarzda bezatilgan saroy binosining hovlisida bo‘lib o‘tadi. Bu yerda yig‘ilish qatnashchilari saroyning oldiga gilam to‘shab jihozlangan, bir tomondan devor bilan o‘ralgan va ikkinchi tomondan rassomning yoqtirgan uslubidagi darvozasi gullab turgan boqqa tomon ochilgan yengil panjara bilan to‘silgan maydonda o‘tirishibdi. Oppoq soqolli nuroniylar podshohning yon tomonlariga joylashishgan. Panjara ortidagi personajlar, devorga suyanib turgan darbadar darveshlar, cho‘ponlar, qizil rangli choponini qo‘lida ushlab turgan savdogar, ikki nafar arzgo‘y bilan podshoh va donishmandlar birlashib, markazida suhbatning ramziy maʼnodagi falsafiy mohiyatini anglatuvchi qopqog‘i yopiq idish joylashtirilgan doira hosil qilingan. Yashil to‘n kiygan Iskandarning qiyofasi, kamtarlik bilan pastga tushirilgan chalishtirib turgan yenglari va uning yuz xususiyatlari davrada o‘tirganlar orasida alohida ajralib turibdi. U yostiqqa suyangan holda ko‘rpacha ustida o‘tiribdi va bu bilan o‘zining shohona ulug‘vorligini va uchrashuv tashabbuskori sifatida taniqli olimlar davrasining to‘rida bo‘lish huquqini urg‘ulaganday tuyuladi.
Bu illyustratsiya sharqning buyuk miniatyurachisi va ijodida manzara janri ham alohida o‘rin egallagan Kamoliddin Behzod qalamiga mansub bo‘lib, ayni paytda Britaniya kutubxonasida saqlanmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Kamoliddin Behzod ijodidagi manzara janri alohida eʼtiborga molik. So‘fiy panteist-shoirlar singari Behzod ham manzaralardagi o‘xshashliklarni inson va tabiat birligi g‘oyasini tasvirlash uchun vosita, obraz yoki g‘oya bo‘lib xizmat qilgan moddiy tabiatdan izlaydi. Moviy osmon fonida tillarang tepalik, nafis ranglarga bo‘yalgan tog‘ cho‘qqilari, ularning ajoyib tasvirlari orqali, har qanday holatda, u tasvirlangan voqealarning ruhiy kayfiyati, qahramon qalbining holati va tasvirlangan nazmiy asar uslubiga hamohang bo‘lgan manzaralar yarata olgan, o‘z o‘rnida miniatyuralarning umumiy tekisligi yechimi uchun esa ranglar va shakllarni mohirona joylashtirish yordamida keng sath illyuziyasi hissini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Uning asarlarida manzara Yaratgan tomonidan barpo etilgan cheksiz va go‘zal makrodunyoning bir qismi sanaladi («Layli va Majnun sahroda» (A.H. Dehlaviy. 1490 y. RMK, Dorn 394), «Tog‘dagi zohidni ko‘rish uchun kelgan Iskandar» (Nizomiy. “Xamsa”. Britaniya muzeyi).
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild, 85-sahifa) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
Bosh sahifa//Yunonistonlik Buyuk Iskandar va Arastu, Suqrot, Aflotun: ular o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Yunonistonlik Buyuk Iskandar va Arastu, Suqrot, Aflotun: ular o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Hukmingizga havola qilinayotgan quyidagi – Nizomiy “Xamsa”sining so‘nggi kitobi “Iskandarnoma” dostonining ikkinchi qismi “Iqbolnoma” uchun ishlangan illyustratsiyaga diqqat bilan qarang.