XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolar

XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolar

Turli ashyolardan mato ishlab chiqarish har doim O‘zbekiston amaliy sanʼatida muhim o‘rin tutgan sohalardan biri hisoblangan.

Jun mahsulotlari, paxta va ipak tolasidan tayyorlanadigan matolar O‘rta Osiyoda bir necha asrlar mobaynida ishlab chiqarilgan. 

Go‘zalligi va sifati bilan ular o‘z hududida yuqori baholangan hamda Buyuk ipak yo‘li orqali turli mamlakatlarga sotilgan. Bu haqida o‘rta asrlarda yashab o‘tgan tarixchi olim Muhammad Narshaxiy (899 – 959 yy.) o‘z asarlarida yozib qoldirgan.

Narshaxiyning guvohlik berishicha, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari Bag‘dod, Xuroson, Shom, Misr, Eron va Hindistonga eksport qilingan. Buxoro va Samarqand ancha vaqtgacha to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning muhim markazlari bo‘lib qoldi. XIX asr oxirida ipak mahsulotlaridan milliy matolar ishlab chiqarish bo‘yicha Farg‘ona vodiysi yetakchi joy bo‘lgan va u hanuz ana shu yetakchilikni davom ettirib kelmoqda. Mahalliy matolarning o‘nlab turi ishlab chiqarilib, ular bir-biridan xomashyosi, ishlab chiqarish uslubi va dizayni bilan tubdan farq qilardi. Ular nafaqat kiyim-kechak tikish, balki maishiy turdagi ashyolar, jumladan, pardalar, to‘shamalar, sumka va boshqa buyumlar uchun ham ishlab chiqarilardi.

Mato ishlab chiqarish uch asosiy bosqichni o‘z ichiga olgan. Bular – ipni tayyorlash, matoni to‘qish va tayyor mahsulotga yakuniy ishlov berish. Ipni tayyorlash jarayoni ham uch bosqichni o‘z ichiga olgan. Ipak tolasini sifatli ipga aylantirish uchun pillani yuvish, undan tolani ajratib olish va oxirgi bosqichda uni bo‘yash ishlari amalga oshirilgan.  Paxta tolasidan tayyorlangan matolarni ishlab chiqarishda esa paxta chigitidan ajratib olinib, yigirilgan va ipga aylantirilgan. Oxirgi bosqichda paxta tolasidan tayyorlangan va yarim ipak matolarga ohor berilgan.

Ipak ro‘mollar, sharflarga gul chizilgan, chitga gul bosilgan, paxta tolali matolar oqartirilgan. Gul bosuvchi ustalar ikki xil bo‘lgan. Chitgarlar paxta tolasidan tayyorlangan matolarga o‘ziga xos uslubda ko‘chirib o‘tkazish orqali maxsus qoliplarda gul bosgan bo‘lsalar, ro‘molsoz to‘quvchilar xuddi shu yo‘l bilan ro‘mol, sharf kabi mayda mahsulotlarga gul solgan.

To‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda ipni bo‘yash muhim o‘rin tutgan. XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida bo‘yashda ikkita mustaqil tarmoq mavjud bo‘lgan. Bular ko‘kdan boshqa barcha bo‘yoqlarni qaynoq suvda eritgan holda bo‘yash va ko‘k bo‘yoqni sovuq suvda eritib bo‘yash. Ikkinchi usuldan asosan mahalliy yahudiylar foydalanishgan. O‘rta Osiyoda bo‘yovchi vositalar uchun odatda o‘simlik va hayvonlardan olingan tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan. Shu bilan birga ilk bor XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya bilan savdo aloqalari tufayli mahalliy bozorlarda paydo bo‘lgan sunʼiy bo‘yoqlardan foydalanila boshlangan. Bunday bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan matolar ko‘pincha o‘ngib ketardi. Vaqt o‘tishi bilan sunʼiy bo‘yoqlar sifati ham yaxshilangan bo‘lsa-da, hozirgi kunlarda mahalliy ustalar ko‘pincha matolarni bo‘yashda eski usullarga yondashgan holda O‘zbekiston hududida o‘suvchi turli o‘simliklardan olinadigan bo‘yoqlardan foydalanmoqda. Bunday o‘simliklar jumlasiga ildizidan to‘q qizil rangli bo‘yoq olinuvchi ro‘yan, iplarni sariq rangga bo‘yashda ishlatiladigan isparak , yapon saforasi, anor po‘sti kabilar kiradi. Qora bo‘yoq olish uchun masalan, cho‘chqayong‘oq o‘simligi, pista, gulxayri kabi gul va o‘simliklardan foydalaniladi.

Naprstek nomidagi muzey to‘plamida XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolarning bir nechta namunasi saqlanadi. Bu to‘plamda Buxorodan keltirilgan, o‘ziga xos mahalliy naqsh va chizmalar bilan bezatilgan shoyi parda alohida o‘rin tutadi. Boshqa matolar, masalan, karbos, beqasam, adras kabilar ham mazkur to‘plamdan joy olgan bo‘lib, bular asosan kiyim tikish, kashta tayyorlash (so‘zana)da qo‘llanilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolar
XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolar
XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolar