Movarounnaxrda qoraxoniylar qachongacha hukmronlik qilgan?

Movarounnaxrda qoraxoniylar qachongacha hukmronlik qilgan?

Movarounnahr tarixining eng qiziqarli bosqichlaridan biri qoraxoniylar sulolasi bilan bog‘liqdir. Sulolaning nomi Sotuq Bug‘raxonga tegishli Qoraxon unvonidan kelib chiqqan.

Bu hukmdor paytida 960-yilda davlat dini sifatida islom qabul qilingan edi. Ularning birinchi vakillari Tyanshan oldi hududlarida yashagan va qarluq birlashmasi tarkibiga kirgan chigillar urug‘laridan kelib chiqqan.

Qoraxoniylar tarixchilarining yozma maʼlumotlari bizgacha kam  yetib kelgan. Ammo sulola tarixini qismini numizmatika maʼlumotlari asosida qisman tiklasa bo‘ladi. Qoraxoniylar hukmdorlari tangalar zarb qilishgan. Nafaqat poytaxtda, balki kichik shaharlarda ham, masalan, O‘sh va Quvada sulola tangalari zarb etilgan.

Qoraxoniylar shahar madaniyati mavjud bo‘lgan va turkiylar dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yerlarni qo‘shib olib, davlat barpo qilganlar. XI asrning boshlarida rivojlanishning eng yuqori pallasiga chiqqan paytda qoraxoniylar hududlari g‘arbda Amudaryodan sharqda Jung‘oriya oldi hududlarigacha yetib borgan. Davlatning shimoliy chegarasi Balxash ko‘li hududlari bo‘lib, janubda Xo‘tangacha yetgan.

992  yilda qoraxoniylar hukmdori Xorun Bug‘raxon bugungi Chimkent shahrining yaqinida joylashgan Somoniylarning sharqiy arki – Isfijobni qo‘lga kiritib, g‘arbga qarab yurishni davom ettirdi va somoniylar poytaxti Buxoroni ishg‘ol qildi. O‘sha yili Xorun Bug‘raxon Koshg‘ardagi qarorgohiga qaytishda yo‘lda vafot etadi.

Somoniylar vaqtincha Movarounnahrda o‘z hukmdorligini tiklaydi. Biroq 999-yilda Xorunning merosxo‘ri Nosir ibn Ali Movarounnahrni bosib oladi. 1040-yilda qoraxoniylar xoqonligi G‘arbiy va Sharqiy qismlarga bo‘linadi. Ibrohim ibn Nosir Tavg‘ochxon G‘arbiy hudud poytaxti qilib Movarounnahr markazi Samarqandni tanlaydi.

Mazkur davlat doimo qo‘shnilar bilan urush qilib kelgan. Buning oqibatida XI asrning 80-yillarida g‘arbiy xoqonlar Saljuqiylar qaramligiga tushib qoldi. XII asrning 30–40-yillarida har ikki xoqonlik qoraxitoylar tomonidan bosib olindi. 1212-yilda xorazmshoh Alouddin Muhammad Samarqandni qo‘lga oladi va G‘arbiy qoraxoniylar davlati hukmronligini tugatadi.

Xorazmshohdan keyin mo‘g‘ullar qoraxoniylar yerlarini bosib olib, O‘rta Osiyo tarixida yangi bosqich ochilishiga zamin yaratdilar. Biroq qoraxoniylarning madaniy merosi ko‘p yillar o‘z mavqeini saqlab qoldi. Ulardan qolgan ajoyib meʼmoriy obidalar bugungi kunda ham O‘zbekistonning ko‘rki hisoblanadi.

Yanada batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining XV jildi “Davlat Ermitaji to‘plami”da (II-qism) o‘qishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi