Eski Termizdan keltirilgan to‘plam ikki qismdan iborat. Uning birinchi qismi muzeyga professor M.Ye. Masson rahbarligida Eski Termizda olib borilgan Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (TAKE)tarkibida faoliyat ko‘rsatgan, Davlat Ermitaji xodimi E.G. Pchelina tomonidan 1938-yilda kelib tushgan. Ikkinchi qismi esa B.Ya. Staviskiy rahbarligi ostidagi ekspeditsiya aʼzosi, ilmiy xodim V.N. Mazurina tomonidan 1977-yildan 1995-yilga qadar olib kelingan.
Hozirgi Termiz shahri shimoli-g‘arbidan 5 km uzoqlikda, Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan bu yirik qadimiy shahar xarobalarining ilk tadqiq qilinishi o‘tgan asrning 20-yillariga to‘g‘ri keladi.Eski Termizning «IX – 9-kvadrat»idan topilgan ashyolar va Qoratepa (I, II, III qatlamlar) topilmalari ilk bor E.G. Pchelina tomonidan to‘plangan. Din Tarixi Davlat Muzeyiga esa ular Dinga qarshi markaziy muzeydan (DQMM) 1947-yil kelib tushgan. E.G. Pchelina to‘plamida 86 ta saqlov buyumlari mavjud.
Ushbu ashyolar asosan parchalardan tashkil topganiga qaramay, ularning shakli ham, turi ham juda rang-barang va qiziqarlidir. Bu ashyolar idishlarning, qopqoqlarning, odam hamda hayvon haykalchalarining parchalari, xushbo‘y atirlar uchun mo‘ljallangan shisha idish bo‘lagi, don maydalagichning tosh bo‘laklari, jinchiroq, «Islomiyatdan avvalgi davrlarga oid» qadahlar tagliklari, ohaktoshdan yasalgan akant parchalari, terrakota ot gavdasining qismlari, ikkita quloqli to‘q qizil toshdan yasalgan munchoq, uch oyoqli marosim kursisi oyog‘i, suyakdan yasalgan uzuklar, ustun qoshi bo‘lagi, g‘orning o‘pirilgan qismidan topilgan, qora rangdagi mato solingan qopchalardan iborat.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi " "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida (XII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
