Sankt-Peterburg masjidi to‘plami va Usmon Qurʼonining noyob nusxasi

Sankt-Peterburg masjidi to‘plami va Usmon Qurʼonining noyob nusxasi

1938 yilda Davlat Din tarixi muzeyida Sankt-Peterburg masjidining tarixiga oid ashyolar to‘plami shakllana boshladi.

1938 yilning 3 iyulida yozilgan dalolatnomaga binoan muzey fuqaro Boqiyevdan Sankt-Peterburg masjidiga tamal toshi qo‘yilishi sharafiga chiqarilgan esdalik tangasini 25 rublga sotib olgan. Uning old tarafida bo‘lg‘usi masjid tasviri, uning tagiga esa quyidagi arab yozuvi tushirilgan: «Sankt-Peterburg Sharafli jome masjidi». Orqa tarafida esa masjidga tamal toshi qo‘yilgan sana yozilgan: «Hijriy 1328 yilning safar oyi 5-kuni». 

1940 yil urush arafasida muzeyga o‘sha davrda yopilib bo‘lgan masjiddan ikkita qutida material kelib tushgan. Qutilarning birida 1907 yilda masjid qurilishi bo‘yicha qo‘mita tomonidan qurilish ehtiyojlari uchun xayriya pullari yig‘ish maqsadida tarqatilgan, masjidning turli ko‘rinishlarini o‘zida aks ettirgan otkritkalar bo‘lgan, ikkinchisida esa o‘sha qo‘mitaning pattalari, yozishmalari va boshqa hujjatlari solingan bo‘lgan. 

1941 yilning 19 –20 iyun kunlari muzey direktori K.A. Usharovga «sobiq masjiddan muzey uchun ashyolar qidirish» maqsadida, muzey ilmiy xodimi K.F. Voronsovga esa «sobiq masjiddan muzey uchun ko‘rilgan ashyolarni olish» uchun ishonchnoma beriladi. Saqlanib qolgan qabul qilish dalolatnomasiga ko‘ra, boshqa ashyolar bilan birga muzeyga «to‘rtta katta Qurʼon»qabul qilinib, hisobga qo‘yildi. Bular kufiy xatidagi Usmon Qurʼonining noyob faksimile nusxasi bo‘lib, ular 1905 yil Rudnev bosmaxonasida bosilgan (hozirda uning asl nusxasi Toshkentdagi Mo‘yi Muborak madrasasida saqlanadi). Bu kamyob nashr hamisha muzeyning doimiy hamda muvaqqat ko‘rgazmalarida faxriy o‘rinni egallab kelgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi " "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida ( XII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Sankt-Peterburg masjidi to‘plami va Usmon Qurʼonining noyob nusxasi