Bu holat maʼmuriy vazifalar, birinchi navbatda Buyuk ipak yo‘lida olib borilayotgan xalqaro savdoga zodagon vakillari va savdogarlarni jalb etish bilan bog‘liq bo‘lgan. Sug‘dlik ishbilarmonlar uchun yozuvni va turli tillarni bilish savdo-sotiq amallarini muvaffaqiyatli bajarish shartlaridan hisoblangan.
Savodxonlik IX–X asrlarda Movarounnahr aholisining boshqa qatlamlari orasida ham tarqaladi. O‘rta asr musulmon Sharqida taʼlim uyda, maktabda (olti yoshdan boshlab) va madrasalarda (XI asr o‘rtalarida madrasalar paydo bo‘lgan) olib borilgan. Movarounnahrdagi o‘rta asrlarda aholi yashagan joylarni arxeologik tadqiq qilish natijasida topilgan ashyolar shaharliklarning savodxonlik darajasi haqida xulosa chiqarishga imkon beradi.
Samarqand, Panjikent, Poykent obidalarida VIII asr qatlamlaridan topilgan sopol idishlar siniqlaridagi arab yozuvlari sug‘diylar qisqa vaqt ichida arab grafikasiga o‘tganligidan va baʼzilari arab tilini bilganligidan dalolat beradi.
X asrdan keyingi qatlamlardan esa yozuv buyumlar ham topilgan. Bular turli materiallardan yasalgan siyohdonlar bo‘lib, Samarqandga xos usulda ishlangan.
Qora angob ustiga oq rang berib ishlangan, sirti gulli naqshlar bilan bezatilgan siyohdon ajoyib artefakt hisoblanadi. Sharsimon kichkina idish ko‘rinishida yasalgan lojuvard sir bilan qoplangan bu siyohdon XII asrga oid.
Maxsus ganchdan kubsimon idish shaklida yasalib, epigrafik va vegetativ-geometrik naqsh bostirilgan siyohdonlarlar ham mavjud. Buyumning ichida bo‘shliq qoldirilgan. Unga yupqa shishadan yasalgan silindrsimon stakan joylashtirilgan. Bunday siyohdonlar bitta, ikkita, to‘rtta idishchalardan iborat bo‘lgan. Ularning bunday ko‘rinishda yasalishi balki siyohlar rangiga bog‘liq bo‘lgandir. Taxmin qilish mumkinki, to‘rt idishli siyohdon har xil ranglarda qo‘lyozma yozadigan xattotga tegishli.
“Somoniylar” uslubida yaratilgan shaffof sir bilan qoplangan, oq angobga to‘q-jigarrang yozuv bitilgan qoldiq parchalaridan terilgan qalamdon eng noyob topilmalar sirasiga kiradi.
Yanada batafsil maʼlumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining XV jildi Davlat Ermitaji to‘plamida (II-qism) o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_2_1.webp)
