Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari Berlin davlat kutubxonasida

Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari Berlin davlat kutubxonasida

O‘zbek milliy madaniyatining faxri, buyuk shoir, faylasuf, temuriylar davri davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher (1441 – 1501) maʼrifatli va o‘ziga to‘q turkiy oilada dunyoga kelgan.

U “Navoiy” taxallusi bilan eski o‘zbek tilida 30 ta asar yozgan. U yashagan yillarda shoirlar eski o‘zbek tilida kamroq ijod qilganlar, zamondoshlarining ko‘pchiligi o‘z asarlarini fors tilida yozgan. Alisher Navoiy “Foniy” taxallusi bilan fors tilida ham bir qator asarlar bitgan. Biroq sheʼriy asarlar yaratishda aynan eski o‘zbek tili Alisher Navoiy uchun suyukli bo‘lgan. Uning fors tili va adabiyoti borasidagi chuqur bilimlari chig‘atoy tilidagi adabiyotni yuqori cho‘qqiga ko‘tarishiga yordam berdi. Mazkur tilda u bir necha devon, “Xamsa”, «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Majolis unafois», «Lison ut-tayr», “Munshaot”, «Mezon ul-avzon» va boshqa asarlar yozgan.

Berlin davlat kutubxonasida Alisher Navoiy asarlarining hammasi bo‘lib 28 ta qo‘lyozmasi bor. Ular kutubxonaga faqat fon Dis, Xartman va Xut to‘plamlaridan, balki boshqa to‘plovchilar va kitob sotuvchilar tomonidan ham keltirilgan. Ular sirasida olti devon, ikki kulliyot, ikkitadan uchtagacha “Xamsa” va «Majolis un-nafois», «Lison ut-tayr», «Mahbub ul-qulub» kabi boshqa asarlarni tilga olish mumkin.

Fon Dis to‘plamida Alisher Navoiy asarlarining besh qo‘lyozmasi bor: «Saddi Iskandariy», «Majolis un-nafois», «Xamsat ul-mutahayyirin» va “Devon”. Ushbu qo‘lyozmalarning barchasi XVI asrga oid bo‘lib, turkiy qo‘lyozmalar katalogida tavsif etilgan. Xartman to‘plamida “Xamsa” «Mahbub ul-qulub», «Lison ut-tayr», Alisher Navoiyning tanlangan g‘azallari va tanlangan asarlari mavjud.

Alisher Navoiy asarlarining Xartman to‘plamidagi nusxalari XVIII yoki XIX asrlarga oid bo‘lib, ularning bari to‘plovchi tomonidan 1904 yilda «Xartman to‘plamidagi sharqiy-turkiy qo‘lyozmalar» risolasida qisqa va aniq tavsiflangan. Alisher Navoiy asarlari orasida beshta miniatyurasi bor yagona nusxa bo‘lgani uchun nodir sanaladi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari Berlin davlat kutubxonasida
Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari Berlin davlat kutubxonasida