Ushbu atama Chingizxonning o‘g‘illaridan biri Chig‘atoyxonning (1186 – 1242 y.) nomi bilan bog‘liq. U Chingizxonning ikkinchi va baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, eng sevimli o‘g‘li bo‘lib, otasining O‘rta Osiyo shaharlariga qilgan yurishlarida ishtirok etgan. Taxminan 1229 yilda mo‘g‘ul ayonlari qurultoyida Chingizxon imperiyasi hududi taqsimlanganda Sharqda Gobi cho‘llaridan tortib G‘arbda Orol dengizigacha hamda Oltoy tog‘laridan Afg‘onistongacha bo‘lgan hududlardagi uluslar Chig‘atoyxonga berildi. Bu davlatning tili chig‘atoy tili hisoblanib, til nomi mo‘g‘ulcha ekanligiga qaramay, turkiy tillar guruhiga kiritiladi. Shuningdek, chig‘atoy tiliga (eski o‘zbek tili deb ham yuritiladi) arab hamda fors tillari kuchli taʼsir o‘tkazgan va u arab-fors alifbosiga o‘tkazilgan. Zamonaviy o‘zbek va uyg‘ur tillarining asosi_chig‘atoy tili bo‘lishiga qaramay, Yevropada boshqa turkiy tillar guruhiga kiruvchi tillar bilan taqqoslaganda, bu til nisbatan oz o‘rganilgan.
Berlin davlat kutubxonasida eski o‘zbek-chig‘atoy tilidagi 190 dan ortiq qo‘lyozma asar bor. Eski o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalar kutubxonaga turli yo‘llar bilan kelib tushgan. 1817 yildan boshlab ularni sayyohlar, olimlar, kitob sotuvchilar yoki sahhof xarid qila boshlagan. Ular sirasida Genrix Fridrix fon Dis (1751 – 1817), Yulius Genrix Peterman (1801 – 1876), Alois Shprenger (1813 – 1893), Martin Xartman (1851 – 1918) va Georg Xut (1867 – 1906) nomlarini tilga olish joizdir. Eski o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalarning katta qismini «Xartman to‘plami» (133 nusxa) tashkil etib, u mazkur nusxalarni 1905 yilgacha sotib olgan. To‘plamga tegishli ikki qo‘lyozma Ikkinchi jahon urushi davrida yo‘qolgan. Xartman o‘z to‘plamini 1902 – 1905 yillarda Koshg‘ar va Yorkentda (SUAR, Xitoy) bo‘lganida to‘plagan. Ayrim qo‘lyozmalarning kelib chiqishi esa Toshkent va Boku bilan bog‘liq.
Mundarijasiga ko‘ra, qo‘lyozmalarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin: mumtoz adabiyot, avliyo-anbiyolar qissalari va diniy qo‘lyozmalar, muayyan ijtimoiy guruhlar yurish-turishi qoidalari, yaʼni risolalar, tibbiyot asarlari va lug‘atlar. Davlat kutubxonasidagi ayrim qo‘lyozma asarlar saxtiyon teri, qog‘oz yoki matodan oddiygina muqovalangani holda aksariyatida bosma turunjli charm muqova, loklangan va bosma naqshli muqova yoki solinma turunjli forsiyona muqova bor.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
Chig‘atoy tili haqida eshitganmisiz?
Chig‘atoy tili adabiy turkiy til hisoblanib, O‘rta Osiyoda keng tarqalgan.