Peshtoq ravog‘i ichidagi yozuvda uning vafot etgan yili 787 [1385 – 1386] ko‘rsatilgan. Bu bino bezagi bilan qo‘shni binolar bezagi o‘rtasidagi farq bir qarashdayoq ko‘zga tashlanadi. Butun peshtoq gilamdek nafis o‘yma koshinlar bilan qoplangan.
Shirinbeka Oqo maqbarasi – Shohi Zindada birinchi marta o‘yma koshin ishlatilgan inshoot. Maqbaraning boshqa fasadlariga g‘isht terilganicha qolgan. Ularning fonida maqbaraning koshinkor gumbazi va uning o‘n olti qirrali asosi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Maqbaraning ichki bezagi o‘ziga xosligi va nafisligi bilan diqqatni jalb etadi. Peshtoq keskin va aniq shakllar, ichkarisi esa yoqimli rang va nafis rasmlar bilan bezatilgan. Olti qirrali zangori plitalardan ishlangan izoraning ba’zi yerlarida zarhal naqshning izlari saqlanib qolgan (gulzor ichida parvoz qilayotgan qarqara qushi aksi bor).
Maqbaraning ustki qismiga ko‘k va zarhalli och zangori bo‘yoq berilgan. Gumbazdagi o‘n oltita hashamdor ravoqning darchalaridan yorug‘lik bemalol tushib turgani uchun naqshlar mayda bo‘lsa-da, yaxshi ko‘rinib turadi. Bu darchalarda rangdor oynali ganch panjaralar bo‘lgan. Bu rangdor oynalardan tushgan Quyosh nuri xonani yoritib turgan.
Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.

