O‘sha davrdan boshlab, ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida O‘rta Osiyoda musiqa san’ati islom tamadduni zaminida taraqqiy etgan. Arab istilosining ilk davri (VIII – IX asrlar) O‘rta Osiyodagi qadimiy musiqiy an’analarining yangi islom nafosati talablariga moslashuv va qayta shakllanish bosqichi bo‘lgan. Saroy dunyoviy musiqa san’atining O‘rta Osiyoga xos, islomgacha bo‘lgan davr an’analari keyinchalik xalifalikning arab markazlaridagi saroy an’analari shakllanishiga ham katta hissa qo‘shgan.
Islomning ilk asridanoq Movarounnahr, Eron va Xurosondan xalifalar va ularning yuqori mansabli amaldorlariga ashulachi va cholg‘uchilarni tuhfa sifatida yuborish an’anasi shakllangan. Ular saroyda juda katta dovruq qozonishgan va o‘sha yerdagi musiqa madaniyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazishgan. Xalifalikdagi shahar madaniyatida dunyoviy musiqa yo‘nalishlari rivoji islomning ilk asrlarida ko‘p hollarda Movarounnahr, Xuroson va Eron musiqa an’analari ta’sirida taraqqiy etgan. Saroylardagi musiqa bazmlari ham to‘xtovsiz davom etgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “Rossiya Federasiyasi to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.

