XVIII asr o‘rtalaridayoq Buxoro saroyi zar iplar bilan parchaga kashta tikadigan maxsus kishilarni yollay boshlagan. Buxoro haqli ravishda zardo‘zlikning eng yirik markazi sanaladi.
Ko‘rib turganingizdek, rasmda ayollar choponi namoyish etilgan. Aftidan, u erkak to‘nidan qayta bichib tikilgan. Qisman kesilgan tomchisimon surat va yenglarga qaytadan tikib qo‘yilgan burmalar shundan dalolat beradi. O‘sha davrda zardo‘zi kashta bilan bezatiladigan etiklar ham bo‘lgan. 1920-yillarda zardo‘zi kashta jamiyat tomonidan uncha talabgir bo‘lmagan. Ko‘p o‘tmay, zardo‘zi ustaxonalar bir qancha muddatdan keyin faollasha boshlagan. Harbiy kiyim daraja belgilari, raqs va teatr ust-boshlari, yangi hayot mavzusidagi tasvirlar tushirilgan devoriy bezak va pardalar ishlab chiqara boshlangan. Bugungi O‘zbekistonda sunʼiy zar ip bilan kashtalangan to‘q ko‘k baxmal to‘ndan ko‘pincha esdalik sovg‘asi yoki bayram kiyimi, masalan, to‘yda kelin-kuyov libosi sifatida foydalaniladi. Agar amirlik davrida zardo‘zi to‘nlar ijtimoiy mavqe ko‘rsatkichi bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘zbek milliy libosining bayramona ruhini o‘zida jo etadi. Zardo‘zi buyumlar otlarni yasatishda ham ishlatilgan. Ust-boshlarda bo‘lgani kabi otning bezagi uning egasi millatidan emas, balki mavqeidan darak beruvchi alomat sanalgan. Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan dabdabali egar-jabduq va zar ipdan gul solib tikilgan yopiqlar otliqning o‘ziga xos ijtimoiy mavqeidan guvohlik bergan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.



