"Doro va otboqar"

"Doro va otboqar"

"Doro va otboqar" miniatyurasi Akbarning bilimi va mumtoz fors adabiyotini, ayniqsa, sevikli Saʼdiy asarlarini bilishini namoyish etish uchun ishlatilishi mumkin edi.

Miniatyura dastlabki shaklini saqlab qolgan. U Saʼdiyning Bo‘stonidan parchalar bilan bezatilgan. Albom janri alohida shuhrat qozonganida ,yolg‘iz rasmlarga ilova sifatida aynan uning sheʼriyati nihoyatda talabga moyil edi. Saqlanishsharoitlariga ko‘ra, hozir rasmning teskari tomonlarini ko‘rishning imkoni yo‘q. «Doro va otboqar» miniatyurasi ov paytida o‘z mulozimini yo‘qotgan shoh Doro haqidagi hikoyaning tasviridir. Uzoqdan begona odamni ko‘rib, u kamonini o‘qlaydi. Notanish kimsa shohni tanib, o‘zini uning otboqari ekanligini aytadi va do‘stni dushmandan ajrata olmagani uchun shohga taʼna qiladi.Saʼdiyning Bo‘stonidagi sheʼr miniatyuraning tag qismida:

Qichqirdi otboqar holi bo‘lib tang,
Sizga dushman emasman, meni o‘ldirmang!

Yuqori chap burchakda diagonaliga ikki bayt:

U dedi: Ey Eron va Turon hukmdori
Yomon ko‘z sizdan bo‘lsin nari!
Men shoh otlarini kuzatuvchiman,
Yaylovlarda sizga sodiq xizmatchiman.

Ushbu epizodni tasvirlagan ko‘plab talqinlar mavjud. Ular orasida Mir Ali Husayniy va Shayxzoda miniatyuralari ham bor, ular o‘z navbatida 1488-yilda Behzodning prototipiga taqlid qilingan. Shuningdek, Mir Husayn kotib Xoqoniyning Navro‘z Ahmad Xonga (1552–1556), Mahmud Muzzahhibga va Sulton Muhammad Nurga bag‘ishlangan asarlari ham maʼlum.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Markaziy Osiyo merosi Kembrij universiteti to‘plamlarida” kitob-albomida (XXVIII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

 

"Doro va otboqar"